Asosiy menu

Har bir tarmoq, hudud va yo‘nalish bo‘yicha investitsiyaviy strategiya ishlab chiqiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mamlakatimiznning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining qarori bilan o‘tgan oyda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 64 milliard dollarlik 849 loyiha ro‘yxati shakllantirildi. Ularning 456 tasini 2018 yilda, 125 tasini 2019 yilda, 268 tasini istiqbolda amalga oshirish belgilangan.

Prezidentimiz joriy yilda 5 milliard 800 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Bu borada tartib-intizom va samaradorlikni ta’minlash maqsadida joriy yilga belgilangan loyihalarni amalga oshirish uchun nafaqat Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va tarmoq idoralari rahbarlari, balki Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar, qo‘mitalar raislari hamda Prezident davlat maslahatchilari shaxsan mas’ul etib biriktirildi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri barcha investitsiya loyihalariga umumiy rahbarlik qilish bilan birga, 144 ta loyiha,Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari 18 ta loyiha bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga bosh-qosh bo‘ladi.

Yig‘ilishda investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ijro natijasi qoniqarsiz ekani qayd etildi. Masalan, Toshkent shahrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan bajarilishi rejalashtirilgan ishlar hajmi 7 foizgagina yetgan. Viloyatlar kesimida oladigan bo‘lsak, misol uchun, Xorazmda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar qiymati atigi 10 million dollarni tashkil etadi. Bu mamlakat bo‘yicha eng past ko‘rsatkichdir.

Yig‘ilishda qaysi rahbar qanday investitsiya loyihalariga mas’ul ekani, ularning qiymati va bajarilish muddatlari birma-bir muhokama qilindi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish holati bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, hokimlar va tarmoqlar rahbarlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni vaqtida va sifatli bajarish, yangilarini ishlab chiqishni ta’minlash topshirildi. Buning uchun jadval asosida har hafta hududlarga chiqish, loyiha tashabbuskorlari bilan aloqada bo‘lish va ularning muammolarini aniqlash, avtomatlashtirilgan monitoring tizimini joriy etish, joylarda xalqaro investitsiya forumlarini o‘tkazish lozim.

– Loyihalarni amalga oshirish monitoringini avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazmas ekanmiz, bu boradagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlay olmaymiz. Bu tizim to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya kiritayotgan investorlarga amaliy ko‘maklashishi, ularning ishini osonlashtirishi zarur, –dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari shu oy oxirida Jizzaxda xalqaro investitsiya forumi va Tovar ishlab chiqaruvchilarning milliy ko‘rgazmasini o‘tkazish ko‘zda tutilayotganini qayd etar ekan, mazkur tadbirlarni yuksak saviyada o‘tkazish uchun barcha choralar ko‘rilishi zarurligini ta’kidladi. Har bir vazirlik, hokimlik va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘zi mas’ul bo‘lgan tarmoq, hudud va soha bo‘yicha maxsus taqdimotlar tayyorlab, ushbu forumda namoyish qilishi, mamlakatimizning xorijdagi elchixona va vakolatxonalari bunday anjumanlarda qatnashish uchun kamida 4-5 tadan salohiyatli investorlarni topishi kerak.

Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining xorijiy davlatlarga qilgan xizmat safarlari natijalariga ham e’tibor qaratildi.

Avval berilgan topshiriqqa muvofiq, Ishchi guruh tomonidan bu boradagi ishlar o‘rganilgani, xususan, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator tizimli muammolar aniqlangani qayd etildi. Ushbu hududlarda farmatsevtika, elektrotexnika va mashinasozlik sohasida keng imkoniyatlar mavjud bo‘lsa-da, asosan, qurilish materiallari va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash loyihalari bilan cheklanilgani tanqid qilindi. Yuqori texnologik tarmoqlarga asoslangan loyihalar bo‘yicha hech qanday taklif kiritilmagan.

Ko‘pchilik delegatsiya a’zolarining maqsadli dasturi bo‘lmagani, chet elliklarga hududning iqtisodiy salohiyati bo‘yicha aniq ma’lumotlar berilmagani, ayrim kelishuvlar qog‘ozda qolib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, joriy yilning mart oyida Belgiyaga borgan Namangan viloyati delegatsiyasi Norin tumanida 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksini tashkil etish bo‘yicha 3 million dollarlik loyiha kelishuvini imzolagan. Biroq, oradan 5 oy o‘tganiga qaramasdan, uni amalga oshirish bo‘yicha hech qanday ish boshlanmagan.

Investitsiya qulay muhitni talab qiladi. Mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash borasidagi ishlar jadal davom etmoqda. Lekin vazirlik va idoralarda, hokimliklarda bugungi kun, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan investitsiyaviy strategiya yo‘q, ya’ni tashabbuskorlik ko‘zga tashlanmayapti.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi mahalliy delegatsiyalarning xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari oldidan tashrifning maqsadi, taklif etilayotgan loyihalar va kutilayotgan amaliy natijalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazish tartibini joriy etishi zarurligi ta’kidlandi. Xizmat safarida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha «yo‘l xaritalari» va tarmoq jadvallari ishlab chiqish hamda qat’iy ijro etish, tarmoq va yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi Investitsiyaviy strategiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

UzA.