Asosiy menu

Xirmon yuksalmoqda

Namangan viloyatida ham bug‘doy o‘rim-yig‘imi avjida. Joriy yilda viloyatda 76 ming 500 gektar maydonda g‘alla yetishtirildi.

Ayni paytda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Viloyatda tashkil etilgan 274 otryadning har biriga bittadan o‘rim kombayni biriktirildi, – deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, g‘alla shtabi boshlig‘i B.Hamdamov. – Mavjud o‘rim texnikalarining yoniga bu yil lizing shartnomasi asosida keltirilgan 40 ta yangi kombayn qo‘shilgani terim sur’atiga sur’at qo‘shmoqda. Shuningdek, har bir otryadga biriktirilgan yuk avtomobili, ko‘chma ustaxona, o‘rim-yig‘im ishtirokchilariga yaratilgan har tomonlama qulay ish sharoiti mavsumning sifatli o‘tishini ta’minlayotir.
Bu mavsumning dastlabki kunlaridayoq bir qator fermer xo‘jaliklari, muqobil mashina-traktor parklari davlatga g‘alla topshirish bo‘yicha shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarganida ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, Chust tumanidagi «O‘zbekiston» muqobil mashina-traktor parki hududidagi 28 ta fermer xo‘jaligi tomonidan el xirmoniga rejadagidan 13 tonna ko‘p – 2 ming 475 tonna don topshirildi. Ayniqsa, «Turdiyev Hasan ota», «Chust Akmaljon-Akbarjon» fermer xo‘jaliklarida hosildorlik yuqori bo‘ldi. Pop tumanidagi «Navro‘z» muqobil mashina-traktor parkiga qarashli fermer xo‘jaliklari uygan xirmon 1 ming 274 tonnadan oshdi. Mingbuloq tumani g‘allakorlari ham 25 ming 837 tonnalik xirmon ko‘tarish maqsadida astoydil mehnat qilmoqda. Ular tomonidan hozirgacha qayta ishlash korxonasiga 12 ming tonnadan ortiq don topshirildi. Namangan tumanidagi «Navbahor namunasi» fermer xo‘jaligi 23 gektar g‘alla maydonidan 65 sentnerdan hosil ko‘tarib, davlat omboriga 10 tonna don va 96 tonna urug‘lik bug‘doy yetkazib berdi.

Ayni paytda viloyat g‘allakorlari butun diqqat-e’tiborini mavsumni uyushqoqlik bilan yakunlash, g‘allani nobud qilmasdan tezroq yig‘ishtirib olish, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh shudgorlab, takroriy ekin ekishga qaratmoqda.

UzA.