Asosiy menu

MAVSUMGA TAYYORGARLIK QIZG‘IN

Ayni kunda rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla pishmoqda. Yetishtirilgan g‘allani nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish, g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumini uyushqoqlik bilan, betalafot o‘tkazish, ayniqsa, g‘allani yong‘indan muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari, tajribali dehqonlar, fermerlar bilan hamkorlikda yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

Viloyatda g‘alla o‘rimiga jalb etiladigan 146 kombayn, avtotransport va boshqa texnika vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirildi.

Bundan tashqari, viloyatdagi 3 donni qayta ishlash, 14 donni qabul qilish va saralash korxonalarida mavsumga tayyorgarlik, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Jamoalarda suhbatlar, mas’ul xodimlar, ishchi-xizmatchilar orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Viloyatda tashkil etilgan g‘allani o‘rish otryadlariga yong‘in xavfsizligi xizmatining tajribali xodimlari biriktirildi. Ular tomonidan belgilangan ishlar reja asosida olib borilmoqda.

– "G‘alla – 2018" mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida panno va shiorlar tayyorlanib, serqatnov yo‘llar chetlariga o‘rnatildi, – deydi Andijon viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi muhandisi, kapitan U.Qosimov. – Shuningdek, targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish maqsadida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha murojaatnoma, eslatma va plakatlar tayyorlanib, aholi ko‘p yig‘iladigan joylarga, shiyponlar, g‘allani qabul qilish, saqlash hamda qayta ishlash korxonalariga ilib qo‘yildi.

Ayni kunda g‘alla o‘rimi mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Mavsumni betalafot o‘tkazish, eng muhimi, xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan g‘allani o‘z vaqtida, isrof qilmasdan yig‘ishtirib olish uchun zarur ishlar olib borilmoqda.

O‘zA