Asosiy menu

2018 yil uchun paxta xom ashyosi va boshoqli ekinlar uchun davlat narxi belgilandi

Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2018 yil uchun paxta xom ashyosi va boshoqli ekinlar uchun davlat narxi belgilab berildi. Masalan, 1 tonna 1 toifali uzun tolali paxta uchun 5 717 240 so‘m, 1 toifali bug‘doyning 1 tonnasi uchun 1 230 570 so‘m narx kafolatlandi.

2018 yil 1 martdan boshlab mineral o‘g‘itlar faqatgina birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi. Fermer xo‘jaliklari uchun dizel yonilg‘isi 4600 so‘m etib belgilandi. Yil davomida bu narx o‘zgarmaydi.

Endilikda, paxta xom ashyosi va boshoqli ekinlar yetishtirish uchun hokimlar tomonidan tasdiqlangan agrotexnik tadbirlar (karta) asosida oyma-oy to hosil yetishmaguncha kutilayotgan hosilning 60 foizigacha tijorat banklari tomonidan ochiladigan kredit liniyasi orqali avans beriladi.

Ajratilgan mablag‘dan maqsadli foydalanish maxsus ishchi guruh tomonidan kuzatib boriladi. Kutilayotgan hosilga ishonchsizlik bo‘lsa, tegishli dalolatnoma asosida pul berish to‘xtatiladi.

“Davergeodezkadastr” qo‘mitasiga 2018 yil 1 oktyabrga qadar sug‘oriladigan yerlarni yalpi xatlovdan o‘tkazish, xatlov natijalariga ko‘ra yer ball boniteti bazasini yangilash vazifasi yuklatildi.

Paxta va boshoqli ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar va tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy faoliyatiga aralashish, ulardagi resurs, texnika va vositalarni boshqa ishlarga jalb qilish taqiqlanib, buning uchun tegishli mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka qadar bo‘lgan javobgarlikka tortilishi haqida qat'iy ogohlantirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni o‘z vaqtida moliyalashtirish bo‘yicha talablarga so‘zsiz rioya qilinishini, ularga mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i-moylash materiallarining zarur hajmlari yetkazib berilishini ta'minlash, shuningdek, ularga narxlar spekulyativ tarzda o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Bosh prokuror O.B.Murodov, Bosh vazirning o‘rinbosarlari Z.T.Mirzayev, J.A.Qo‘chqorov, A.S.Sultanov, N.S.Otajonov, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M.Ikramovga shaxsiy mas'uliyat belgilandi.

UzA