Asosiy menu

Investitsiyalar va tashqi savdo sohasiga doir vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo sohasidagi ishlar natijadorligi hamda 2021-yilga mo‘ljallangan asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, eksport va investitsiya jarayonlarida turli qiyinchiliklar yuzaga keldi.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha oldindan ko‘rilgan choralar o‘z natijasini berdi. Joriy yilda 6,6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirildi. Shuningdek, yil yakuni bo‘yicha 15 milliard dollarlik eksport amalga oshirilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari 2021-yil ham iqtisodiyot uchun oson bo‘lmasligini, shu bois investitsiyalar jalb qilish, o‘zlashtirish va eksport prognozlarini ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun hozirdanoq aniq, manzilli choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Kelgusi yili 7,5 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish maqsad qilingan. Yig‘ilishda ushbu mablag‘ni har bir loyiha bo‘yicha to‘liq va muddatida o‘zlashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Bunday sarmoyalar hisobiga 226 ta yirik loyihani o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, 69 ta istiqbolli yangi sanoat loyihasini sifatli amalga oshirib, iqtisodiyot o‘sishiga qo‘shimcha zaxira yaratish vazifasi qo‘yildi.

Bunda asosiy drayver sohalar bo‘lgan kimyo, energetika, mashinosozlik, geologiya, elektrotexnika, farmatsevtika va yengil sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratiladi.

1-yanvardan boshlab, xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha yangi tizim joriy etish, har bir loyihada belgilangan mablag‘larni samarali o‘zlashtirish va natijadorligini ta’minlash maqsadida «Loyiha ofislari» rahbar va xodimlari malakasini oshirish va ularni o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Kelgusi yili eksport hajmi 17 milliard dollar atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga eksport shartnomalarini hozirdanoq tuzish, 1-yanvardan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri hamda uning o‘rinbosarlari ushbu vazifalarni bajarish bo‘yicha rejalari yuzasidan axborot berdi.



prezident.uz