Asosiy menu

Non sifatli va foydali bo‘lishi kerak

Non yoshu-qari birday sevib, domiy iste’mol qiladigan, dasturxon ko‘rki sanaladigan oziq-ovqat turlaridan sanaladi. Bu esa o‘z navbatida mahsulot ishlab chiqaruvchilarga uning sifati borasida qo‘yiladigan talab va mas’uliyatning yetarli darajada yuqori ekanligini anglatadi.
Bugungi kunda, yurtimizning barcha hududlarida istiqomat qiluvchi aholi ehtiyojlarini qondirish, uning tarkibini inson organizmi uchun foydali moddalar: uglevod, oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitish faol yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu xalqimiz manfaatlari va salomatligi uchun xizmat qilib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 7 iyundagi “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida” gi O‘RQ-251-sonli qaroriga asosan, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibdagi tizim korxonalarining 52 ta tegirmonida 1-navli un to‘liq hajmda vitamin-mineral aralashmalari bilan boyitilgan holda ishlab chiqarilmoqda.
“O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi “Toshkentdonmahsulotlari” AJ ga qarashli “Oqqo‘rg‘on non” ishlab chiqarish sexi non mahsulotlari ishlab chiqarishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib kelmoqda.
Korxonada kuniga 3 tonnagacha mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, energiya tejovchi Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy Wachtel kompaniyasi uskunalari o‘rnatilgan. Ishlab chiqarishning har bir bosqichi; xamir tayyorlash, uni shaklga solish va nonning pishishigacha bo‘lgan barcha jarayonlar jiddiy nazorat qilinadi.
- Non va non mahsulotlari kunlik ratsionimizning o‘zgarmas qismiga aylanib ulgurgan birinchi zaruriy ozuqa sanaladi. –deydi sex rahbari Xolbo‘ta Boynazarov.- tayyor mahsulot Bolalar bog‘chalari, maktablar, bozorlar va xususiy tadbirkorlarga yetkaziladi. Korxonada 12 kishi ish bilan ta’minlangan, ularning asosiy qismini yoshlar tashkil etadi.
- Ishimizda diqqat, tartib-intizom va mas’uliyat talab etiladi –deydi nonvoy Bahrom Tojiyev.- non o‘z meyorida, kerakli formada chiqishi, mazali ta’mga ega bo‘lishi uchun ishning har bir bosqichiga alohida e’tibor berilishi lozim.
Har qanday ishda kerakli natijani qo‘lga kiritish uchun eng avvalo, unga halol, vijdonan yondashish, kasbga mehr berish talab qilinadi. Biz tilga olgan “Oqqo‘rg‘on non” ishlab chiqarish sexi xodimlarining maqsadi aniq, ya’ni, sifatli mahsulot ishlab chiqarib xalqning duosini olish, korxona nufuzini oshirish. Bu yo‘lda qilingan mehnatlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Axborot xizmati.