Asosiy menu

Ayol, men qoshingda mangu go‘dakman...










Erkin Vohidov

KIMNI ETMAS BU KO‘NGIL ShAYDO...!

Dunyo ekan…
Ishq degan savdo
Bormi faqat mening boshimda?!
Kimni etmas bu ko‘ngil shaydo,
Kim she’r yozmas mening yoshimda?!
Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga
Hayotimning bo‘ldi mazmuni.
U qo‘limga tutqazib qalam,
Ko‘zlarimdan oldi uyquni.
Oldi butun fikru xayolim,
Ketdi dildan orom, halovat.
Sevgi butun borimni olib,
She’r zavqini qoldirdi faqat.
Borliq olam ko‘zimga ming-ming
Go‘zallikka to‘lib ko‘rindi.
Gullar menga oshiq bulbulning
She’r daftari bo‘lib ko‘rindi…
Ayb etmangiz,
Do‘stlar bu savdo
Bormi faqat mening boshimda?
Kimni etmas bu ko‘ngil shaydo,
Kim she’r yozmas mening yoshimda?!

***

Abdulla Oripov

BIRINChI MUHABBATIM

Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda,
Zuhro yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik sokinlik uyg‘otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.
O‘tdi yoshlik zavq bilan, gohi to‘polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayri ham tushdim ba’zan qalb bilan, imon bilan
Lekin seni yo‘qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g‘aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.
Dunyo degan shundayin anglab bo‘lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan…
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.
Holbuki orzulardan judo ham bo‘lganim yo‘q,
Yulduzday kulganim yo‘q, oy kabi to‘lganim yo‘q.
Erta xazon gul kabi sarg‘ayib so‘lganim yo‘q,
Seni eslab yig‘layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag‘rim tig‘layman, birinchi muhabbatim.
Yo‘lin yo‘qotsa odam — muhabbatga suyangay,
G‘ussaga botsa odam — muhabbatga suyangay.
Chorasiz qolsa odam — muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.
Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko‘rib men bor dunyoni unutdim.
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg‘iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.

***

Omon Matjon

Yaratganga shukur, sen yana kelding,
Hamma qonunlarning o‘zgardi kuchi.
Men senga uzundan uzun ot qo‘ydim:
«Ey, eski dardlarni yangilatuvchi!»
Barmoqlar barmoqlar uchini sezdi,
Ko‘ngil bir ilohning kuchini sezdi,
Yurak allanening o‘chini sezdi,
«Ey, uzoq yo‘llarni yaqinlatuvchi!»
Yana ikki ko‘zdan sirqildi namlar,
Billurni yuvdilar pokiza g‘amlar.
Qani ul Sir, Amu mavj urgan damlar,
Ey, sen dengiz tubin dolg‘alatuvchi?!
Asli, qayda bo‘lsang, men ko‘ngli to‘qman,
Kunchiqarim ishqdir, nur o‘chsa — yo‘qman,
Bilaman, kimgadir juda suyukman,
Ey sen, xotirani poklantiruvchi!
Kim aytdi, yo‘l ancha o‘tildi deya,
Kelgan ketdi, kutgan kutildi deya,
Shodman — yana menga duch bo‘ldi deya,
Ishqi omonlarni yashartirguvchi!
Yaratganga shukur, sen yana kelding,
Hamma qonunlarning o‘zgardi kuchi.
Senga men uzundan uzun ot qo‘ydim:
«Ey, ko‘hna dardlarni yangilatuvchi!»

* * *

Muhammad Rahmon

Sen ham eslaysanmi goh qolib xoli,
Qo‘msaysanmi ko‘ngil ko‘chalarini…
Munavvar ayladi oydin xayoling
Savdoli bu umrim kechalarini!
Sen ham eslaysanmi yoshligingni — sha’n,
Rangi, iforini — nechuk edi ul?
Meni mast qiladi qirq yil naridan
Kitobing qatiga qistirilgan gul…
Obu otashidan dunyoni o‘tding,
Bekaram, bir kam deb qarg‘arsan yomon…
Sevgi-chi, ilk sevgi… nahot, unutding,
Men esa sog‘inib yashayman hamon.
Nomalar bitardim senga bir talay,
Qog‘ozga ishonib sirlarning sirin.
Xatjildni yopardim shirachin yalab –
Xatjildlar o‘zingdek, so‘zingdek shirin!
Tonmayman bo‘g‘zimga botsa ham tishi,
Eslab xo‘rsingulik yozim, qishim bor.
Yo‘kdir dunyosining men bilan ishi,
Mening bu dunyoda yo‘qlar kishim bor!
Sen ham eslaysanmi…

***

Matnazar Abdilhakim

BAXT

Mukammal bu go‘zalligingni
Yonib qilgim keladi ta’rif,
Biroq, ne qilayki, qoshingda
Eng qudratli kalomlar g‘arib.
Visolingni qilsam-da havas,
Mehrim izhor etmadim hech vaqt.
Sen bilan bir havodan nafas –
Olish o‘zi menga katta baxt.
Bir qayrilib tashlasang nigoh,
Yurak to‘lar so‘nmas ziyoga…
Seni bir bor ko‘rish-chun faqat
Kelib ketsa arzir dunyoga.

***

Sadiriddin Salim Buxoriy

Qanday sendan olayin xabar,
Boshlanadi qaydan ostona?
Qay imloda yozsam xat yetar,
Arabiymi yo sug‘diyona?
Maysalarda yo‘q erur zabon,
Maysalarning tilida titroq.
Etolmaydi holingni bayon,
Garchi mendan senga yaqinroq.
Bo‘zlagayman yuragim to‘lib,
Qayda eshik, qayda erur yo‘l?
Koshki, eshik yo maysa bo‘lib,
Cho‘zolsaydim sen tomonga qo‘l…

***

O‘tkir Rahmat

TONGDA

— Daraxtlar, oy-yulduzdan
boshqa kimni ko‘rdingiz,
— Tun bo‘yi tik oyoqda
nima qilib turdingiz?
— Yelkamizga mindirib
qushlarni birga yotdik,
— Chug‘urlashib eng avval
tongni bizlar uyg‘otdik!
— Kulayotgan oppoq tong,
yo‘ling poylar qay inson,
— Baxsh etding sen kimga rizq,
kimga esa baxt, imkon?
— Subhidamda eshikda
meni intiq kutganga,
— Sadqa qilib mehrini
do‘stlariga tutganga!
— Oqayotgan anhor-ey,
kimni ko‘zing yo‘l ko‘rdi,
— Erta tongda, aytgin, kim,
sendan kelib hol so‘rdi?
— Sevishganlar parishon
menga aytdi tushini,
— Murodingga yetgin deb,
tiladim baxt qushini!
— Nonni ko‘tarib boshga
ochilgan ey dasturxon,
— Atrofingga kimlarni
sen o‘tqazding yonma-yon?
— To‘rt ko‘z tugal: ham ota,
ham ona, o‘g‘il-qizni,
— Oftobdayin tafti bor
«Assalom» degan so‘zni!
— Erkalanib maysada
orom topgan shudringlar,
— Sahar chog‘i bu yerdan
o‘tgan kimni ko‘rdinglar?
— So‘nayotgan yulduzlar
mo‘ltiragan ko‘zlarin,
— So‘ngra dalaga shoshgan
qishlog‘ingning qizlarin!

* * *

Ravshan Fayz

Men yaxshi ko‘ryapman sizni tobora.
Tobora ko‘zimdan yitmoqda tuman,
Qarangiz, qisqarib boryapti ora,
Orada to‘siq yo‘q endi umuman.
Men yaxshi ko‘ryapman sizni kun sayin,
Kun sayin yaqindir diydoringiz, yor.
Yo‘llar ko‘p ravondir, havo ham mayin,
Mayin so‘nmoqdadir kosagul, alyor.
Men yaxshi ko‘ryapman sizni shunchalik,
Shunchalik muhimdir endi zor, dodim:
Xudoyim, ishqilib salomu alik
Umricha bo‘lsa bas, qolgan hayotim.
Men yaxshi ko‘ryapman sizni tobora…

***

Muhammad Yusuf

BIZ BAXTLI BO‘LAMIZ

Mayli-da, kimgadir
Yoqsa, yoqmasa,
Ularga qo‘shilib
Yig‘lasharmidik.
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xoxlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yo‘llarimga sep,
Kut meni, har oqshom,
Ko‘kka oy chiqqan.
Faqat, yig‘lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing — onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring sohillaridan.
O‘zing ayt, senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun –
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil, yayra jonim,
O‘rtanma g‘amda.
G‘iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug‘ olamda.
Men esa oshig‘ing
Sening — eng g‘arib.
Tundan so‘z qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista, tiz cho‘kaman
Hozir oldingda,
Sevdim, sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!

***

Abdivali Qutbiddin

Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz,
Kunduzi parisiz, tunda okqushsiz.
Ruhi ravonimiz sizga baxsh etdik,
Izingiz yoniga labni naqsh etdik.
Puflasangiz o‘chdik, silasangiz okdik,
Ufq naryog‘iga imladingiz, bokdik.
Qonimizni to‘kdik barmog‘ingizga,
Ko‘nglimizni urdik tirnog‘ingizga.
Yot desangiz, yotdik suvdek jimirlab,
Bir-bir o‘ynadingiz ko‘zlarimizda.
Shivir-shivir qildik sizga shivirlab,
Tosh bosib qo‘ydingiz so‘zlarimizga.
Qalqidik, yulduzga uzatsangiz qo‘l,
Chor-atrof rasvodir, bezatmadingiz.
Tinchlandik, boshi berk bo‘lsa hamki yo‘l,
Biz hamon xastamiz, tuzatmadingiz.
Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz,
Shudring oqartirdi yuzlarimizni.
Muztog‘ni eritgan muqaddas tushsiz,
Qaytaring, titragan bo‘zlarimizni…

***

Eshqobil Shukur

O, meni yig‘latma…
Yomon tushlar ko‘rib namozshomgulim,
meni yig‘latma.
Men poyi-pataging bo‘lay qayg‘ulim,
meni yig‘latma.
Otingdan aylanay, og‘rima gulim,
meni yig‘latma.
Uh tortsang, ustuni qular falakning,
yig‘latma.
Ko‘krak qafasiga yanglishdan xudo
Ayolning yuragin qo‘ygan erkakni
yig‘latma.

***

Ikrom Iskandar

YUZINGNI KO‘RGALI

Yuzingni ko‘rgali oy uyolmishdir.
So‘zlaring inju, lablaring bolmishdir.
Agarki husn mulkida bahs etsalar,
Layliyu Shirin poyingda qolmishdir.
Bu ne holmishdir, vasling umidida
Ko‘zlarim yo‘llaring poylab tolmishdir.
Orzum ro‘yobi ro‘yo, necha vaqtkim
Betin vaqt kabi tinchim yo‘qolmishdir.
Bu ne lashkar kabi oh emish, mudom
Ayriliq ko‘ksima lak-lak solmishdir,
Kim, hajringda gar bir oh ursa Ikrom
Iskandar kabi dunyoni olmishdir.

***

Shodmonqul SALOM

AYOL, SEN BORSANKI...

Manzura kelgandi, onam shod edi,
Boshqorong‘u edi bizning Shohista.
Ruhim qirlariga turnalar qo‘nib,
Suzib ketardilar ohista...

Onamning quvonchi judayam qimmat,
Juda oson edi g‘ussa tashrifi.
Manzurjon, bir dasta gulday kelding-a...
Og‘angning bundan soz yo‘qdir ta’rifi.

Manzura kenjamiz, erkaroq edi,
Uning uch o‘g‘lini ovladi sayyod.
Ko‘ngliga boqmading, ko‘ziga boqmading,
Buncha qo‘ling qattiq, otajon, Hayot!

Keyin onam ketdi... to‘yga ketganday,
Manzura ko‘nmadi — yig‘loq bo‘p qoldi.
Uning anor suvli jomday ko‘ngliga
Xudoyim baribir sabr ham soldi.

Ha, shul-da, ko‘nmoq-ku, bandadan talab,
Ne-ne bahonalar qilib ko‘rmadim.
Bizlarni Ollohdan olgandi tilab,
Aytgan tomoniga sira yurmadim.

Ha, shul-da, yupanchim — taskinni topdim,
Yig‘latganin O‘zi yupatdi oxir.
Qo‘nog‘idan qochgan qulunday chopdim,
Bunchalar shirin bu! Voh, buncha talxdir.

Sen borsan, bahorga ishonaman-da,
Sen borsan, kuzakning tilin topurman.
Onam, singlim, qizim va yana sen ham,
Kelinglar, mehrimdan nonlar yopurman.

Ayol, men qoshingda mangu go‘dakman,
Sharror qo‘shiq bo‘lib yuribman, mana.
Ayol, sen borsanki, g‘amlardan kulib,
Shoirlar qilurlar zebo tantana.

...Erdan boshqasida suv yo‘q demishlar.
Qaqragan ko‘nglimga oqquvchi zilol.
Insonga mehr-la qo‘l cho‘zgan Tangrim,
O‘sha aziz qo‘lning bir nomi ayol.
Ayol, men qoshingda mangu go‘dakman...

UzA