Asosiy menu

Yoshlar siyosatini amalga oshirish masalasi doimiy e’tiborda

Joriy yilning 15 dekabr kuni «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida «Kompaniya va uning tarkibidagi korxonalarda 2019 yilda Yoshlarga oid davlat siyosati masalasida amalga oshirilgan ishlar, tizimda yoshlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar va 2020 yilda mazkur yo‘nalishda ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar» mavzusida seminar tashkil etildi. Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – kompaniya tizimida yoshlar siyosati masalasida amalga oshirib kelinayotgan ishlarni tahlil qilish, rahbar va tizimdagi yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot qilish uchun maydon yaratish, 2020 yilda yoshlarga oid davlat siyosatining kompaniya va uning tarkibidagi korxonalarda keng joriy etishdan iborat.
Har qanday mamlakatning kelajagi so‘zsiz yosh avlodning tarbiyasi uning ma’naviy yetukligi, bilim va salohiyatining nechog‘lik yuksak darajada ekanligiga bevosita bog‘liq. Yurtimizda Muhtaram yurtboshimiz rahnamoligi ostida yoshlarning hayotiy maqsadlarini amaliyotga tatbiq etishlari uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.
Bugungi kunda «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizimida 13856 nafar xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 5 ming nafardan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Bu esa o‘z o‘rnida kompaniya taraqqiyoti va ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishda yoshlarning o‘ziga xos ahamiyatga ega kuch ekanligini yaqqol namoyon etadi.
Jumladan, 2019 yilda mazkur yo‘nalishda boy tariximiz va madaniy merosimizni targ‘ib qilish, yoshlarning vatanga bo‘lgan sadoqati va vatanparvarligini oshirish maqsadida «Yoshlar turizmi» loyihasi doirasida kompaniya va tizim korxonalaridagi yosh xodimlar uchun Samarqand, Buxoro, Xiva shahrida joylashgan tarixiy obidalarga ekskursiyalar tashkil etildi, yosh kadrlarni hujjatlar bilan ishlash saviyasini va menedjment malakasini oshirish maqsadida o‘quv kurslarida qayta tayyorlash mexanizmini joriy etildi, kompaniya va tizim korxonalarida tashkil etilgan «Mutolaa xonasi» kitob fondi yoshlarni qiziqtiruvchi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va adabiy kitoblar bilan boyitildi, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish maqsadida yozuvchi va shoirlar, adiblar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi, Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olishga qaratilgan samarali tadbirlar tashkil etildi. Bundan tashkari yil davomida kompaniya va tizim korxonalarida yosh kadrlarni rahbarlik va bosh mutaxassislik lavozimlari uchun zaxiraga kiritish, rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olingan yosh kadrlarni hujjatlar bilan ishlash saviyasini va menedjment malakasini oshirish maqsadida o‘quv kurslarida qayta tayyorlash mexanizmini joriy etish masallariga alohida e’tibor qaratildi.
2020 yilda ham yoshlarning manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish bilan birga bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar jadal davom ettirilib, yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbus loyihasi doirasida samarali ishlarni amalga oshirish, yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, zaxirasini yaratish va ularni mas’ul lavozimlarga tavsiya etish yo‘nalishlarida ham dastur doirasida yirik loyihalar amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Tadbir davomida yoshlar yetakchilariga Kompaniya va tizim korxonalarida yosh kadrlarni rahbarlik lavozimiga zaxiraga kiritish, Yosh istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan yosh xodimlarni bosqichma-bosqich mas’ul lavozimlarga tayyorlash. namunali faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilarini davlat mukofotlariga tavsiya qilish, o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor yoshlarga oliy ta’lim muassasalarining sirtqi bo‘limlariga imtiyozli kirish bo‘yicha tavsiyanoma berish, yosh xodimlarni mahalliy va xorijiy, jumladan rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida xorijiy davlatlarga yuborish bo‘yicha aniq chora tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Axborot xizmati.