Asosiy menu

Jizzax viloyatida gʻalla maydoni nega 15,5 ming gektarga qisqartirildi?

Hukumat qarori bilan Jizzax viloyatida kelasi yil hosili uchun gʻalla maydoni 15,5 ming gektarga qisqartirildi.

Jizzax viloyati gʻallakorlari 2019 yilda davlatga 278 ming 20 tonna don sotish boʻyicha kontraktatsiya shartnomasi imzolagan. Ayni paytda kelasi yil hosili uchun ekilgan 180 ming gektar yerdagi gʻalla baravj oʻsmoqda.

Viloyatda 7 ming 200 dan ziyod gʻallakor fermer faoliyat koʻrsatayotir. Joriy yilda davlatga 260 ming 290 tonna don sotildi. Bu shartnoma rejasida belgilanganidan salkam 6 ming tonna koʻpdir.

Gʻallachilikdan kelgan daromad 428 milliard 573 million soʻm, sof foyda esa 16 milliard 526 million soʻmni, tarmoqning rentabellik darajasi 4 foizni tashkil etdi.

Omilkorlik bilan har bir agrotexnik tadbirni oʻz vaqtida oʻtkazib, yaxshi mehnat qilgan dehqon koʻzlagan hosilni oladi. Shuning uchun gʻallakorlar kelasi yil hosili uchun taraddudga ancha barvaqt kirishdi.

Viloyatdagi gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari 102,5 ming gektar suvli va 77,7 ming gektar lalmi maydonga urugʻ ekdi. Kuzning seryogʻin kelgani, paxtachilikda jiddiy qiyinchilik tugʻdirgan boʻlsa-da, gʻallakorlar uchun ayni muddao boʻldi. Barcha maydonlarda tekis unib chiqqan maysa boʻliq rivojlanayotir.

– Tumanimizda tuproq hosildorligi, suv taʼminoti birmuncha ogʻir, boshqa hududlarga qaraganda koʻproq mehnat talab qiladi, – deydi Zarbdor tumanidagi «Temurbek Doliyev» fermer xoʻjaligi rahbari Dilmurod Tursunqulov. – Joriy yilda 23 gektardagi gʻalladan davlatga shartnomadagi 58 tonna oʻrniga 111 tonna don sotdik. Kelasi yil hosili uchun yana shuncha maydonga sentyabr oyida urugʻ sochib, toʻliq undirib olganmiz. Bir marta sugʻorilib, oziqlantirilgan gʻalla baravj oʻsayotir. Maysaning kuzda yaxshi toʻplab, qishki tinim davriga baquvvat kirishi moʻl hosil olishning muhim shartidir.

Boshoqli don ekinlari yetishtirishda hududning tuproq-iqlim sharoiti va suv taʼminoti hisobga olinishi kerak. Navlarni shunga qarab joylashtirish zarur. Ammo bu talabga hamma ham har doim rioya qilmayotgani hosildorlikning pasayishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, meliorativ holati, tuproq unumdorligi gʻalladan meʼyordagi hosilni olish imkonini bermaydigan maydonlar ham bor.

Ana shu sabablarga koʻra, 17,3 ming gektar yerda dehqonchilik qilgan 785 ta fermer xoʻjaligi gektaridan oʻrtacha 20-30 sentnerdan hosil oldi. 652 ta fermer xoʻjaligi shartnomani bajara olmadi.

Gʻallachilikda 20 sentnerdan hosil olish iqtisodiy naf keltirmaydi, yerning umrini behuda oʻtkazishga olib keladi. Shuning uchun hukumat qarori bilan viloyatda kelasi yil hosili uchun gʻalla maydoni 15,5 ming gektarga qisqartirildi. Gʻalladan boʻshagan maydonlarga yuqori hosil va yaxshi daromad beradigan ekinlar ekish yoʻlga qoʻyildi.

Viloyat gʻallachiligida katta imkoniyatlardan biri kam xarajat bilan don yetishtirish imkoniyati boʻlgan lalmikor gʻallachilik uchun qulay yer maydonlarining koʻpligi. Koʻklam va bu yilgidek kuz sernam kelgan yillarda lalmikor hududlardan moʻl hosil olinadi.

Yana bir imkoniyat – katta ilmiy salohiyatga ega, tashkil etilganiga 100 yildan oshgan, orada bir muddat toʻxtab qolgan Gʻallaorol lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati qayta tiklangani. Oʻtgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan institut serhosil, ertapishar va sifati yuqori boʻlgan yangi navlar yaratish ustida ish olib boradi. Shuningdek, viloyatda gʻallachilikni ilmiy asosda yoʻlga qoʻyishga katta hissa qoʻshadi.

Institut olimlari yurtimizdagi gʻalla urugʻchiligiga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotir. Ana shu hamkorlik tufayli joriy yilda viloyat fermerlari davlatga 12 ming 232 tonna urugʻlik don yetkazib berdi.

Viloyatda kelasi yil hosili uchun boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirishda ham Gʻallaorol lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi va boshqa ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda ishlab chiqqan tavsiyalariga asoslandi. Ilmiy tavsiyalar asosida viloyatning sugʻoriladigan maydonlariga «Krasnodar-99», «Grom», «Tanya», «Yesaul», lalmikor hududlarga «Surxak-5688», «Sangzar», «Tezpishar», «Zamin» kabi iqlim-tuproq sharoitiga mos serhosil navlar ekildi.

Gʻalla maydonlari qisqargan boʻlsa-da, amalga oshirilayotgan ilmiy, innovatsion, zamonaviy agrotexnik tadbirlar, fermerlarning fidokorona mehnati evaziga yalpi hosilni kamaytirmaslik rejalashtirilgan. Ayni kunlarda barcha maydonlarda baravj rivojlanayotgan gʻalla maysalari ham shundan darak bermoqda.

UzA