Asosiy menu

Oziq-ovqat va ozuqa yem ishlab chiqarishda texnik reglamentga amal qilinmoqda

Biz kundalik iste'mol qiladigan tovarlarning, xoh u oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lsin yohud maishiy maqsadlarga mo‘ljallangan buyum, eng avvalo, yaroqlilik muddati, tarkibi, undagi moddalarning inson salomatligiga ta'siri bilan qiziqamiz. Foydalanadigan mahsulotimizning biz uchun xavfsiz aksincha, foydali moddalar inson organizmi uchun zarur mikroelementlar, vitamin va minerallar bilan boyitilganligiga to‘liq ishonch hosil qilish, oila a'zolarimiz, eng avvalo farzandlarimiz salomatligi borasida jiddiy qayg‘urish bilan barobar.
Inson hayoti, sog‘ligi va xavfsizligini ta'minlash, davlat, yuridik va jismoniy shaxslar mulkini, atrof-muhitni, hayvonlar va o‘simliklarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish, shuningdek donning xavfsizligi xususida iste'molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Ayni shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2016 yil 31 martidagi qaroriga asosan, 99-sonli «Don xavfsizligi to‘g‘risida» gi umumiy texnik reglament Qarori bilan tasdiqlangan va ushbu reglament 2017 yil 12 oktyabrdan qonuniy kuchga kirgan.
Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentning qabul qilingan kundan boshlab «O‘zdonmahsulot» Aksiyadorlik Kompaniyasi tomonidan sohaga tegishli barcha me'yoriy – huquqiy hujjatlar mazkur reglament bilan muvofiqlashtirildi.
Reglamentni ishlab chiqishdan maqsad, O‘zbekiston Respublikasining «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladigan donga qo‘llash va bajarish uchun yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablarini o‘rnatish, hamda Bojxona ittifoqining yagona bojxona hududiga chiqariladigan donni erkin muomalada yuritilishini ta'minlashdan iborat.
Reglament O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladigan oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan 29 turdagi donga taalluqli. Boshoqli ekinlar ( qattiq bug‘doy, yumshoq bug‘doy, javdar, tritikale, suli, arpa, tariq, marjumak, sholi, makkajo‘xori, jo‘xori), dukkakli don ekinlari (gorox, loviya, no‘xat, yasmiq, boqla, mosh, burchoq, lyupin, vika), moyli ekinlar (kungaboqar, soya, raps, zig‘ir, yeryong‘oq, kunjut, maxsar, paxta, xantal) kabilar shular jumlasidandir.
Ushbu reglament asosida yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablarini qo‘llash va bajarish uchun, shuningdek donni yetishtirish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish jarayonlaridagi xavfsizlik talablari o‘rnatildi.
Reglament talablariga ko’ra, oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan don o‘rnatilgan me’yorlarga javob bergan taqdirdagina, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladi. Talablarga muvofiqligi tasdiqlanmagan don muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alanishi va muomalaga chiqarilishi man etiladi.
Takidlash lozimki, reglamentning qonuniy kuchga kirishi bir qancha afzalliklarni yuzaga keltirdi. Jumladan, oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan donni yetishtirish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar kamaydi.
- donni yaxshi saqlanishi ta'minlananib, keyinchalik undan foydalanish samaradorligi oshdi. Donni tamg‘alash va qadoqlashga bo‘lgan qat’iy talablarni o‘rnatilishi hisobiga iste'molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldi olindi.
- tadbirkor, fermer va barcha ishlab chiqaruvchilar uchun reglamentda o‘rnatilgan talablarga javob beruvchi sifatli va xavfsiz mahsulotlarni ishlab chiqarishni modernizatsiyalashtirish va rivojlantirishlari uchun sharoit yaratildi va shunga muvofiq ravishda donning sifatini va raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat paydo bo‘ldi.
- donga tegishli ishlab chiqarish jarayonlarida xavfli vaziyatlarning yuzaga kelishini minimallashtirishda va savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga yordam berib, sifatli va xavfsiz mahsulot tayyorlashda, eksport va importni har tomonlama tartibga solishda tadbirkor va ishlab chikaruvchilarga bir kator kulayliklar yaratildi.
- bozorga xavfli don chiqishining oldi olinmoqda.
«O‘zdonmahsulot» Aksiyadorlik Kompaniyasi tomonidan Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentning amalga joriy etilgan kundan boshlab «O‘zstandart» Agentligi boshchiligida o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan, donga majburiy talablarni o‘rnatuvchi standartlashtirish bo‘yicha me'yoriy hujjatlarni qo‘llanilishida majburiy xarakterini bekor qilish va ixtiyoriylikni ta'minlash borasida ishlar olib borildi.
Bugungi kunga kadar, «O‘zdonmahsulot» AK tizimidagi 44ta korxonada qabul qilingan umumiy texnik reglamentning maqsadi, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida axborotlar va tushuntirish ishlari muntazam ravishda olib borildi. Kompaniya tizim korxonalarida sinov laboratoriyalari mavjud bo‘lib, bulardan aksariyati O‘zbekiston Respublikasi Milliy Akkreditatsiya tizimi tomonidan texnik omilkorlikka akkreditlangan, qolganlari esa shahodatlash guvohnomasiga ega. Bu sinov laboratoriyalarida reglament qabul qilinishi munosabati bilan yanada zamonaviy, yangi modifikatsiyadagi o‘lchov vositalari va asbob - uskunalar bilan qo‘shimcha ta'minlash va yangi sinov usullarini o‘zlashtirish ishlari olib borib kelinmoqda.

Axborot xizmati.