Asosiy menu

Kamoliddin Behzod izdoshlari tanlovi

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida «Kamoliddin Behzod izdoshlari» ijodiy tanlovi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda barkamol, shijoatli va iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida samarali ishlar qilinayotgani xususida so‘z yuritildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonuni ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim hujjat bo‘layotgani ta’kidlandi.
Ko‘rgazmada Badiiy akademiya tasarrufidagi P.Benkov nomidagi respublika rassomlik kolleji, A.Xo‘jayev nomidagi respublika dizayn kolleji, Qo‘qon tasviriy va amaliy san’at kolleji o‘quvchilarining «Tasviriy san’at» va «Amaliy san’at» yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy namunalari namoyish etildi.

Taniqli rassomlar, san’atshunoslar, badiiy ta’limning yetakchi pedagoglaridan iborat maxsus komissiya tanlov g‘oliblarini aniqladi. Unda birinchi o‘rin Mushtariy Husanova va Rustam Ergashevga berildi. Ikkinchi o‘ringa Hayotbek Meliboyev va Sayidali Botirxo‘jayev, uchinchi o‘ringa esa Akbar Mamatxonov hamda Durdona O‘ktamova munosib topildi.
– Ushbu tanlovni o‘tkazishdan maqsad ijodkor yoshlar o‘rtasida haqiqiy iqtidor sohiblarini aniqlash, milliy san’atimizning kelajagini ta’minlovchi yosh iste’dod egalarini topish, ularni rag‘batlantirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, O‘zbekiston xalq ustasi Niyozali Xolmatov. – Biz nafaqat tanlov g‘oliblari, balki yurtimizdagi barcha yosh ijodkorlarning Kamoliddin Behzod kabi buyuk mahorat egalari bo‘lib, ulkan ijodiy yutuqlarga erishib, O‘zbekistonimiz tasviriy san’atini dunyoga tanitadigan avlod bo‘lib yetishishiga ishonamiz.

UzA