Asosiy menu

Navoiylik tadbirkorlar tomonidan 180 loyiha ishlab chiqarishga joriy etildi

Navoiy shahridagi «Triumf paradoks» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlari yuqori sifati va xushxo‘rligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 19-iyundagi «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, faoliyati samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Navoiy shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga ko‘ra, joriy yilda 263 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytga qadar mahalliy tadbirkorlar tomonidan 180 loyiha ishlab chiqarishga joriy etildi.

– Korxonamizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq, 10 ga yaqin turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi korxona rahbari S.Sharipov. – Shaxsiy sarmoya hisobidan xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatdik. Natijada 12 nafar yosh ish bilan ta’minlandi. Xaridorlar talabidan kelib chiqib, nisbatan arzon narxlarda tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlariga talab yuqori.

Korxonada ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida tijorat bankidan 800 million so‘m miqdorida kredit olib, oq qand, pista holva va boshqa shirinliklar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning samarasida 8 yangi ish o‘rni yaratiladi, korxona daromadlari ham ortadi.

UzA