Asosiy menu

Don xavfsizligi to‘g‘risida

«Don xavfsizligi to‘g‘risida» gi umumiy texnik reglament

 16.07.2018

«Don xavfsizligi to‘g‘risida» gi umumiy texnik reglament  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 31 martdagi 99-sonli Qarori bilan tasdiqlandi. 

Reglament  rasmiy  e’lon qilingan  kundan  boshlab 18 oy  o‘tgandan  so‘ng,  ya’ni 2017 yil 12 oktabrdan qonuniy kuchga kirdi.

Mazkur reglament   O‘zbekiston Respublikasining  «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladigan donga qo‘llash va bajarish uchun yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablarini o‘rnatish, xamda Tamojnya ittifoqining yagona bojxona xududiga chiqariladigan donni erkin muomalada yuritilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.

Reglamentni ishlab chiqishdan maqsad birinchi navbatda inson hayoti, sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash,  davlat, yuridik va jismoniy shaxslar mulkini, atrof-muhitni, hayvonlar va o‘simliklarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish,  shuningdek donning xavfsizligi xususida  iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olishdan iborat.

Reglament O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladigan  oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan 29 turdagi donga taalluqli bo‘lib, ularning ro‘yxati quyidagicha:

-boshoqli ekinlar ( qattiq bug‘doy, yumshoq bug‘doy, javdar, tritikale, suli, arpa, tariq, marjumak, sholi, makkajo‘xori, jo‘xori);

-dukkakli don ekinlari ( gorox, loviya, no‘xat, yasmiq, boqla, mosh, burchoq, lyupin, vika);

-moyli ekinlar ( kungaboqar, soya, raps, zig‘ir, yeryong‘oq, kunjut, maxsar, paxta, xantal).

Reglament yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablarini qo‘llash va bajarish uchun, shuningdek donni yetishtirish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish jarayonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablarini o‘rnatadi.

Reglamentda oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan donda toksik elementlar, mikotoksinlar, benzopiren, pestitsidlar, radionuklidlar,  zararli aralashmalar va don zararlanganligining chegaraviy ruxsat etiladigan darajalari, shuningdek qadoqlashga bo‘lgan sanitariya-gigiena talablari va boshqa me’yorlar o‘rnatildi.

Donni tamg‘alash bo‘yicha reglamentda qat’iy majburiy talablar o‘rnatildi.

Oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan  don reglamentda o‘rnatilgan talablarga javob bergan taqdirdagina, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladi. 

Donning har bir to‘pi  uni  Respublika hududida muomalaga chiqarishda, don to‘pining  reglament talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lgan tovar –kuzatuvchi hujjatlar bilan birga jo‘natilishi kerak.  

Mazkur texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanmagan  don muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alanishi va muomalaga chiqarilishi man etiladi.

Umumiy texnik reglament qonuniy kuchga kirgandan keyin oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga  mo‘ljallangan donni yetishtirish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan xavfsizlik xavfi darajasi kamayadi.

Donni ma’lum darajada yaxshi saqlanishini ta’minlanadi va keyinchalik  undan samarali foydalanish masalalari hal etiladi.

Donni saqlash va qayta ishlashda uning ishonchliligi va barqarorligini ta’minlash maqsadida xavfsizlik darajasini oshirish uchun yangi zamonaviy texnologiyalar, don xavfsizligini baholash usullarini joriy etish tezlashadi.

Donni tamg‘alash va qadoqlashga bo‘lgan konkret talablarni o‘rnatish hisobiga iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olishga erishiladi.

Tadbirkor, fermer va barcha ishlab chiqaruvchilar uchun reglamentda o‘rnatilgan talablarga javob beruvchi sifatli va xavfsiz mahsulotlarni ishlab chiqarishni modernizatsiyalashtirish va rivojlantirishlari uchun sharoit yaratildi va shunga muvofiq ravishda donning sifatini va raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat paydo bo‘ldi.

Donga tegishli ishlab chiqarish jarayonlarida xavfli vaziyatlarning yuzaga kelishini minimallashtirishda va  savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga yordam berib, sifatli va xavfsiz mahsulot tayyorlashda, eksport va importni har tomonlama tartibga solishda tadbirkor va ishlab chikaruvchilarga bir kator kulayliklar yaratiladi.

Bundan tashkari  bozorga xavfli don chiqishini oldini olishga xizmat kiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 31 martdagi 99-sonli Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha quyidagi ishlar olib borildi:

-don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentning qabul qilingan kundan boshlab «O‘zdonmahsulot» Aksiyadorlik Kompaniyasi tomonidan donmaxsulotlari soxasiga tegishli barcha me’yoriy – huquqiy hujjatlarni reglament bilan muvofiqlikka keltirish  bo‘yicha ishlari olib borildi.

- «O‘zdonmahsulot» Aksiyadorlik Kompaniyasi tomonidan «O‘zstandart» Agentligi boshchiligida o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentning amalga joriy etilgan kundan boshlab, donga majburiy talablarni o‘rnatuvchi standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy xujjatlarni qo‘llanilishida majburiy xarakterini bekor qilish va ixtiyoriylikni ta’minlash borasida ishlar olib borildi.

- «O‘zstandart» Agentligining 2016 yil 1 iyundagi 05-767-sonli Qarori bilan ixtieriy ravishda qo‘llaniladigan standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy xujjatlar ruyxati tasdiqlandi.

-«O‘zdonmahsulot» Aksiyadorlik Kompaniyasi tizimidagi 44ta korxonada qabul qilingan umumiy texnik reglamentning maqsadi, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida axborotlar va tushuntirish ishlari olib borildi.

-«O‘zdonmahsulot» Aksiyadorlik Kompaniyasi tizimidagi 44ta korxonada sinov laboratoriyalari mavjud bo‘lib, bulardan yarimisi O‘zbekiston Respublikasi Milliy Akkreditatsiya tizimi tomonidan texnik omilkorlikka akkreditlangan, qolganlari esa shaxodatlash guvohnomasiga ega. Bu sinov laboratoriyalarida reglament qabul qilinishi munosabati bilan yanada zamonaviy, yangi modifikatsiyadagi o‘lchov vositalari va asbob - uskunalar bilan qo‘shimcha ta’minlash va yangi sinov usullarini o‘zlashtirish ishlari olib borilmokda.