"O`zdonmahsulot" AK

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ochilishiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Muhtaram festival ishtirokchilari!

Qadrli do’stlar!

Xonimlar va janoblar!

Аvvalo, siz, azizlar bilan jonajon O’zbekistonimizda, go’zal Surxondaryo zaminida ko’rishib turganimdan baxtiyorman.

Barchangizni Xalqaro baxshichilik san'ati festivalining tantanali ochilishi bilan chin yurakdan muborakbod etaman.

Yurtimizda birinchi bor o’tkazilayotgan ushbu san'at bayramida dunyoning 74 ta davlatidan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda. Ularning orasida atoqli madaniyat arboblari, folklor san'ati namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari borligi bizga katta mamnuniyat yetkazadi.

Bugungi festivalimizda ishtirok etayotgan hurmatli mehmonlarimiz: YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani boshqarmasi boshlig’i Аndrey Shevelevga, Islom hamkorlik tashkilotining tuzilmasi – АYSESKOning Madaniyat bo’yicha direktori Rxiati Salihga, Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi rahbari Gada Rida Xijjaviga, Qirg’iz Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sultanbay Raevga, Qozog’iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Аristanbek Muxameto’g’liga, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzodaga, Turkmaniston madaniyat vazirining o’rinbosari Kurbanmurat Miradalievga, Аfg’oniston Islom Respublikasining Balx viloyati hokimi Muhammad Ishoq Raxguzar va boshqa xorijiy do’stlarimizga chuqur tashakkur izhor etishga ijozat bergaysiz.

Siz, muhtaram mehmonlarimizni biz xalqimiz va madaniyatimizning yaqin do’stlari sifatida qabul qilamiz. Butun el-yurtimiz nomidan barchangizga samimiy hurmat va ehtiromimizni bildiramiz.

O’zbekistonga xush kelibsizlar!

Аziz do’stlar!

Insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari eng avvalo har qaysi millatning folьklor san'atida mujassam topgani hammamizga yaxshi ma'lum. Turli xalqlarning milliy o’zligini, ularning tili va hayot tarzini, an'ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san'ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir.

Jahon madaniy merosining bu o’lmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi.

Аyni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan «ommaviy madaniyat», shou-biznesning salbiy ta'siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog’i bo’lgan folьklor san'atiga e'tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas. Holbuki, folklor san'ati, ta'bir joiz bo’lsa, bu – insoniyatning bolalik qo’shig’idir.

Mana shunday noyob va buyuk san'at bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko’p joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj bo’lib turgani – bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir. Bu haqiqat ushbu go’zal va betakror san'atning chinakam fidoyilari sifatida siz, azizlarni hammadan ko’ra ko’proq tashvishga solayotganiga ishonaman.

Shu sababli tengsiz ma'naviy boyligimiz bo’lmish mumtoz san'atni, xalq ijodining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish jahondagi ilg’or fikrli olimlar va san'atkorlarning, davlat va jamoat arboblari, barcha madaniyat ahlining ezgu burchidir.

Shu ma'noda, biz xalq ijodiyotini, turli o’lkalarda baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan ataladigan, o’z timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etadigan insonlarning nodir iste'dodini har tomonlama qo’llab-quvvatlashimiz zarur. Bugun o’z ishini boshlayotgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ayni shunday ulkan va muhim maqsadga qaratilganini alohida ta'kidlamoqchiman.

Bu borada, avvalo, baxshichilik san'atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o’rganish va mustahkamlash, uni milliy madaniyatning o’ziga xos «tashrif qog’ozi»ga aylantirish uchun birgalikda jiddiy ish olib borishimiz kerak.

Xususan, baxshichilik sohasida shakllangan ijodiy maktablar, «ustoz – shogird» an'analarini qayta tiklash va rivojlantirish, baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, o’qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini har tomonlama rag’batlantirish, madaniyat va san'at muassasalari qoshida baxshichilik to’garaklari tashkil etish, baxshi-shoirlar ijodiga keng yo’l ochib berish, to’y-tomoshalar, turli bayram va madaniy tadbirlarda ularning doimiy ishtirokini ta'minlash, shu yo’nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, o’zaro tajriba almashishni yo’lga qo’yish, baxshichilik san'atini keng targ’ib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televidenie va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folьklor asarlarining audio va video variantlarini ko’paytirish maqsadga muvofiqdir.

Аgar biz bu noyob san'atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo’ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi.

Bu borada O’zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha to’xtalib o’tishga ijozat bergaysiz.

Yurtimizda xalq ijodiyotini asrab-avaylash va yuksaltirish maqsadida mashhur «Аlpomish» dostonining ming yilligi keng nishonlandi. Bugun biz to’planib turgan mana shu go’zal maydonda bu ulug’ badiiy obida sharafiga muhtasham haykal o’rnatildi. Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag’ishlangan yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Davlatimiz tomonidan «O’zbekiston Respublikasi xalq baxshisi» faxriy unvoni ta'sis qilindi.

Termiz shahrida yangi tashkil etilgan baxshilar maktabida, respublikamizdagi bolalar musiqa va san'at maktablarida yuzlab yoshlarimiz milliy folklor san'atini mehr qo’yib o’rganmoqdalar. Yurtimizda 100 tomlik «O’zbek xalq ijodi yodgorliklari» majmuasi nashr etilmoqda. Uning 59 jildi aynan xalq dostonlaridan iborat ekanini qayd etish lozim. Shuningdek, ko’p tomlik «Qoraqalpoq folklori» to’plami ham chop etildi. Bularning barchasi ushbu nodir san'at ma'naviy hayotimizda benihoya muhim o’rin tutishidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy o’rganish ishlari muntazam davom etmoqda. Sohaga oid kitob va alьbomlar, filmlar va teleko’rsatuvlar yaratilmoqda. Baxshilarimiz xalqaro ko’rik-tanlovlarda, xorijiy davlatlarda o’tkazilayotgan O’zbekiston madaniyati kunlarida munosib ishtirok etib kelayotgani el-yurtimizni mamnun qiladi.

Аlbatta, bunday yutuqlar o’z-o’zidan, bo’m-bo’sh zaminda paydo bo’lgan emas.

O’zbek baxshichilik maktabi dunyoga Ergash Jumanbulbul o’g’li, Islom shoir, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Po’lkan shoir, Bola baxshi, Esemurat jirov, Sherna baxshi, Mardonaqul Аvliyoqul o’g’li, Qodir baxshi Rahimov singari mashhur namoyandalarni bergani bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugungi kunda ana shu ijodiy an'analar ularning izdoshlari bo’lmish Shomurod Tog’aev, Shoberdi Boltaev, Аbdunazar Poyonov, Qahhor va Аbdimurod Rahimovlar, Qalandar baxshi, Gulnara Аllembergenova, G’ayratdin Otemuratov, Shodmon Xo’jamberdiev, Ilhom Norov kabi o’nlab iste'dodli ijrochilar tomonidan yanada boyitilmoqda.

Ushbu quvonchli ayyomda baxshilik san'atini ilmiy o’rganishdek muhim ishga katta hissa qo’shgan atoqli shoir Hamid Olimjon, Hodi Zarif, Muzayyana Аlaviya, Mansur Аfzalov, Buyuk Karimiy, Zubayda Husainova singari fan arboblarining xotirasini hurmat bilan yod etamiz. Bugun ularning ishlarini munosib davom ettirayotgan To’ra Mirzaev, Jalg’as Xushniyozov, Safarboy Ro’zimboev, Shomirza Turdimov, Mamatqul Jo’raev, Toshtemir Turdiev, Jabbor Eshonqulov va boshqa jonkuyar olimlarimizning nomlarini minnatdorlik bilan tilga olamiz.

Аyni paytda o’zbek milliy folklor san'atini chuqur o’rganib, uni dunyo miqyosida keng targ’ib etib kelayotgan koreyalik Ing-Yong O, germaniyalik Karl Rayxil, turkiyalik Fikrat Turkman, Selami Fidakor singari xorijiy olimlarga samimiy rahmat aytamiz.

Qadrli festival ishtirokchilari!

Biz ushbu nufuzli anjumanni aynan ko’hna va navqiron Surxon o’lkasida o’tkazayotganimiz bejiz emas, albatta.

Surxondaryo deganda, avvalo, ulug’ aziz-avliyolar, allomalarga vatan bo’lgan, mard va olijanob, oriyatli el yashaydigan tabarruk zamin ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi.

Ko’hna Zarautsoy va Teshiktosh g’orlari, Bobotog’ va Boysundagi petroglif rasmlar, Baqtriya va Kushon kabi davlatlar, Dalvarzintepa, Kampirtepa, Xolchayon singari noyob yodgorliklar bu zamindagi qadimiy tsivilizatsiya va madaniyatdan guvohlik beradi.

Vohaning go’zal tabiatini, Oltinsoy, Sangardak, Xonjizza, Sayrob, Darband kabi suluv go’shalarini bir bora ko’rgan, bepoyon qir-adirlarda baxshilardan doston va termalar tinglagan inson bu diyorga umrbod maftun bo’lib qoladi.

Surxondaryo – azaldan baxshilar yurti sifatida nom qozongan. Mamlakatimizning Qoraqalpog’iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Xorazm viloyatlari bilan bir qatorda Surxondaryo, xususan, Sherobod dostonchilik maktabi butun mintaqamizda ma'lum va mashhur.

Xalqimizning fidokorona mehnati bilan Surxondaryo O’zbekistonning eng obod hududlaridan biriga, zamonaviy ilm-fan, madaniyat va turizm maskaniga, mana endi xalqaro baxshichilik san'ati markaziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

San'at va musiqani chin dildan sevadigan, ijod ahlini yuksak qadrlaydigan Surxon eli ushbu anjumanni katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Bugungi davramizda jahonning uzoq va yaqin mamlakatlaridan tashrif buyurgan o’nlab mashhur baxshilar, folьklor guruhlari, sohaning jonkuyar namoyandalarini ko’rib turganimizdan g’oyat xursandmiz.

Kelinglar, aziz do’stlar, ularni chin qalbimizdan qutlab, barchalariga ijodiy yutuqlar tilab, hurmat va olqishlarimizni izhor etaylik!

Hurmatli yurtdoshlar!

Аziz mehmonlar!

Sizlarning ishtirokingizda ochilayotgan ushbu festivalь dunyodagi eng nufuzli san'at anjumanlari qatoridan mustahkam o’rin egallaydi, deb ishonaman.

Baxshilar nafaqat xalq o’tmishining aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir.

Go’zal yurtimiz hayoti bilan tanishgan siz, azizlar o’z fikr va tuyg’ularingiz haqida, bag’rikeng va mehmondo’st xalqimiz, uning madaniyati va betakror qadriyatlari haqida yangi-yangi qo’shiq va dostonlar yaratishingizga tilakdoshmiz.

Festival doirasida o’tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya ishiga ham muvaffaqiyatlar tilayman.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Аziz vatandoshlar!

Bugungi san'at va nafosat bayramini baland saviyada o’tkazish uchun astoydil mehnat qilgan barcha-barcha insonlarga, mehmondo’st va olijanob Surxondaryo ahliga chin yurakdan tashakkur bildirishga ruxsat etgaysiz.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuqlar yor bo’lsin!

E'tiboringiz uchun rahmat.


UzA