"O`zdonmahsulot" AK

Boqiy hilpiragin, Vatan bayrog‘i!


Davlatimiz ramzlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i, avvalo, Vatan timsollaridan biri, qolaversa, undagi hayotbaxsh ranglar yuraklarimizga g‘urur, umid va ishonch uyg‘ota oladi.
Ayniqsa, yurtdan bir qadam olis ketgan odam Vatan bayrog‘ini ko‘rganda, yuragi beixtiyor hapriqib ketadi. Ortida tog‘dek suyanchi – davlatimiz borligini his etadi.

Shunday paytlarda Vatan bayrog‘i jahon bo‘ylab boqiy hilpirab turishini niyat qilamiz.

Yurtdoshlarimiz xalqaro tadbirlarda, ayniqsa, jahon sport arenalari, olimpiya maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targanda, bundan hayajonlanmaydigan, g‘ururlanmaydigan inson oramizda bo‘lmasa kerak.

Bugun, 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i kuni. Bundan 32 yil muqaddam, ya’ni 1991 yil 18 noyabrda "O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan.

Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.

Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Oq rang - muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, poklik, beg‘uborlik, soflik timsoli. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. Qizil chiziqlar – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.

Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadida qadimda nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

Ma’lumki, joriy yilda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib borayotgani, ayniqsa, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta g‘alabalarga erishilib, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i jahon uzra baland ko‘tarilayotganligini inobatga olib, qonun bilan undan foydalanish imkoniyati yanada kengaytirildi.

Qonun bilan Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni ta’minlagan holda bayrog‘imizdan foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi me’yorlar joriy etildi.

Bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkin.

Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ham qonunda aks etdi.

Qonun Davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda aholi, ayniqsa yoshlarning o‘z yurtiga nisbatan mehr-muhabbat, faxr-iftixor tuyg‘ularining va vatanparvarlik hissining yanada oshishiga, eng muhimi, xalqimizning bayroq bilan yanada yaqinroq munosabatda bo‘lishiga zamin yaratdi.