"O`zdonmahsulot" AK

Kechagi xomxayollar – bugun haqiqatga aylandi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Mahmud Nosirov nomidagi suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi g‘allachilik fermer xo‘jaliklarining qaysi biri g‘allasi o‘rilsa, davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini 110-115 foiz qilib oshirib bajarmoqda. Rejadan ortganini shaxsiy omborlariga 60-70 tonnadan oshirib g‘amlab qo‘ymoqda. Nima ham derdik, halol mehnat bilan daromad qilgan qandini ursin.

Boyovut tumaniga biz izlab borgan fermer – «Tashabbus – 2019» respublika ko‘rik tanlovining tuman va viloyat bosqichlarida mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakat finaliga yo‘l olgan, ko‘p tarmoqli «Murod» fermer xo‘jaligi raisi Sobir Murodovning dalalari ham aynan shu uyushmada ekan.

– Sobirjon eng ilg‘or, eng peshqadam fermerlarimizdan, u bizni faxrimiz, – deydi Mahmud Nosirov nomidagi SIU raisi Davron Malikov. – Uni nafaqat uyushmamiz yoki tumanimizda, balki viloyatimizda ham hammaga ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi.

Masalan, «Murod» fermer xo‘jaligi pillaboqarlari qishloq xo‘jalik mavsumining ilk hosili – davlatga pilla sotish rejasini 110 foizga uddaladi. 350 tonna o‘rniga 400 tonna g‘alla sotib, davlatga don sotish shartnomaviy rejasini 120 foizga bajardi. Ishchi xizmatchilariga tarqatgan 60 tonna dondan tashqari, shaxsiy omboriga ham ancha-muncha g‘alla g‘amlab qo‘ydi.
Boshqa fermerlarimiz endi g‘o‘zasiga ikkinchi ishlovni boshlagan bo‘lsa, Sobir hademay 123 gektarlik paxta maydonidagi g‘o‘zasiga ikki bor dorilab, ishlov berib, uchinchi ishlovni boshlaydi.

G‘o‘za nihollari ham baravj o‘smoqda, har bir niholda 2-3 tadan shona bor. G‘o‘zasi bugun-erta gulga kirsa ajabmas.

Darhaqiqat, ko‘p tarmoqli «Murod» fermer xo‘jaligi mirishkorlari bulardan tashqari, yana 7,5 gektar bog‘ning 1 gektarida gilos, 6,5 gektarida 3 turdagi serhosil olma navlari parvarish qilinmoqda.

Fermer xo‘jaligi g‘allasini o‘rib bo‘lgan 3 dona «Keys» kombayni, 2 ta «Zil» yuk avtomobili haydovchiyu operatorlari bilan birgalikda g‘alla o‘rim-yig‘imida otryad tarkibida mehnat qilmoqda. 1 ta «Magnum-260», 5 ta «MTZ-80», 3 ta TTZ «Murod» fermer xo‘jaligi dalalarida unum bilan ishlatilayotir.

Shuningdek, xo‘jalikka qarashli 60 bosh qoramolning 40 bosh sog‘in sigiridan har kuni 350-400 litr sut sog‘ib olmoqda. Sog‘ilgan sutdan saryog‘ olib, bozorga chiqarib mo‘maygina daromad qilinayotir. Bundan tashqari, fermer xo‘jalikda 40 bosh yilqi, 350 bosh qo‘y-echki ham boqilmoqda.


Xo‘jalik ishlarining unumida 20 nafar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan ahil va birdam jamoa a’zolarining hissasi katta. Shuningdek, faslga qarab 20 nafardan 50 nafargacha mavsumiy ishchilar ham xo‘jalik yumushlariga jalb etib turiladi.

– «Murod» fermer xo‘jaligini otam tashkil etib, hozir o‘zlari nafaqada, ishlarini esa men davom ettirayapman, – deydi ko‘p tarmoqli «Murod» fermer xo‘jaligi raisi, «Tashabbus-2019» respublika ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi Sobir Murodov. – 2-3 yildirki xo‘jalikni ko‘p tarmoqliga aylantirdik. 150 bosh qoramolga moslab qurilayotgan zamonaviy tipdagi molxonamiz bitdi. «Xalq banki»dan 2 milliard 500 million so‘m kredit olib, Germaniyadan 100 bosh naslli qoramol olib kelmoqchimiz. Shuningdek, xorijdan sutni qayta ishlaydigan, qadoqlaydigan eng zamonaviy innovatsion texnologiyalar keltirib o‘rnatamiz. Og‘il yonidan ana shu texnologiya uchun ham zarur inshoot qurib bitkazildi. Bularning barchasi ro‘yobga chiqishi uchun zarur hujjatlar imzolangan. Erta kuzda bu loyihamiz to‘liq amalga oshiriladi. Shundan so‘ng mahsulotimizni xorijga eksport qilishni rejalashtiryapmiz.

Darvoqe, ko‘p tarmoqli «Murod» fermer xo‘jaligi jamoasining ushbu loyihasi ijrosi ta’minlansa yana 15 nafar qishloq yoshlari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Bundan 15-20 yil avval, boyovutliklar, nafaqat ular balki har birimiz, «Bir kun kelib, oddiy qishloq yigiti yirik mulkdorga, ishbilarmon tadbirkorga aylanadi, ishlab chiqargan mahsulotlarini xorijliklar ko‘ziga surtib xarid qiladi», deyishsa hamma uni cho‘pchakchiga chiqarishi shubhasiz edi.

Ming shukurki, bugun ana shu 20-30 yillik xom-xayol, cho‘pchaklar – Prezidentimiz tadbirkorlarni, ayniqsa qishloq tadbirkorlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani, ularning manfaatlarini o‘ylab chiqarilgan va chiqarilayotgan farmon, qaror va farmoyishlarining hayotga, ishlab chiqarishga tatbiq etilishi, qolaversa, Sobir Murodovga o‘xshagan oddiy qishloq yigitlarining sa’y harakatlari sabab – real haqiqatga aylandi. Qanding ur, Sobirjon!


O‘zA