"O`zdonmahsulot" AK

Zararli odatga qarshi foydali aksiya

Chekish inson umrining zavoli, salomatlik atalmish ulug‘ ne’mat kushandasidir. Ushbu odat orqali inson nafaqat o‘z sog‘ligiga, balki atrofdagilar salomatligiga jiddiy zarar yetqazadi. Ayniqsa yoshlarning tamaki chekishga odatlanishlari, unga qaram bo‘lib qolishlari ayanchli holat.
“Buxorodonmahsulotlari” AJ faol yoshlari tashabbusi bilan korxonada “Yoshlar chekishga qarshi” shiori ostida targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya davomida korxonaning barcha xodimlariga chekishning inson salomatligi 101 ta zarari aks etgan bukletlari tadbir tashkilotchilari tomonidan tarqatildi. Korxonada “Sigaretasiz kun” e’lon qilinib, shu kuni chekishdan voz kechildi. Shuningdek, aksiya mobaynida chekishning zararlari, uning inson organizmiga yetkazadigan salbiy holatlar haqida va «Alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilinishi va tarqalishini cheklash” to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi Qonunning mazmun-mohiyati haqida ma’lumotlar berildi.
Tamakining zaharli ta'siri uning yaprog'i va ildizi tarkibida bo'ladigan nikotin moddasi bilan bog'liqdir. Tamakining tutunida 4000 ga yaqin turli komponentlar mavjud bo'lib, ulardan 14 xili giyohvand moddalardir. Tamaki chekish ko'proq markaziy asab tizimiga ta'sir qilib, miyaning qo'zg'alishiga olib keladi. Oddiy chekuvchi har bir chekkan sigaretasi bilan o'z umrini 6 minutga qisqartiradi. Chekish ko'pgina kasalliklarga, jumladan, organizmda o'sma kasalliklari ya'ni rakning rivojlanishiga, o'pka kasalliklari, oshqozon-ichak yo'li kasalliklari, qon-tomir va yurak xastaliklariga sabab bo'ladi. Muttasil ravishda chekish insonning aqliy faoliyatini pasaytiradi.
Aksiya “Buxorodonmahsulotlari” AJ faollari uchun ham katta tajriba maktabi bo‘ldi. Ya’ni yoshlar ijtimoiy muammolarga birgalikda yechim topish yo‘lida ezgu g‘òya va maqsad bilan birlashdilar. O‘tkazilgan tadbirning muhimligi shundaki, u faol yoshlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqardi va eng muhimi, yoshlarni ijtimoiy muammolarga befarq qarab turmasdan, o‘z qo‘llaridan kelgancha uni bartaraf qilishga chorlab, fikrlashlari uchun maydon yaratib berdi.

Axborot xizmati.