"O`zdonmahsulot" AK

G‘alladan bo‘shagan maydonga o‘t yoqmang, jarima to‘laysiz!

1 gektar maydondagi boshoqli don ekinlari poyasi somon va uning qoldiqlarining yoqib yuborilishi oqibatida atmosferaga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg. kul, 20 kg. is gazi kabi zararli moddalar tarqaladi.

Ayni kunlarda Namangan viloyatida ham asosiy e’tibor 2018 yil uchun ekilgan boshoqli donni nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olishga qaratilgan. Qay bir g‘alla maydoniga bormang qizg‘in mehnat ustidan chiqasiz. Kech kuzdan beri qilingan zahmatli mehnat evaziga pishib yetilgan boshoqli don peshma-pesh o‘rilib, qabul omborlariga yuborilmoqda.

O‘z o‘rnida, boshoqli don ekinlari poyasi somon yig‘ishtirilib, bo‘shagan maydonlar takroriy ekin ekish uchun tayyorlanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan 2017 yil davomida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan g‘alladan bo‘shagan maydon hamda somonni yoqish bo‘yicha 13 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan salkam 7 million 500 ming so‘m atrofida ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Joriy yilda bu kabi holatlarning oldini olish borasida davlat inspektorlari tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Ayrim fermer xo‘jaliklari rahbarlari va fuqarolar tomonidan o‘tgan yillarda boshoqli donni yig‘ishtirib olingandan so‘ng, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon qoldiqlarini yoqib yuborishgani ma’lum bo‘lgan. Ana shundaylar boshoqli don ekinlari poyasi somonning yoqilishi natijasida atmosferaga havosiga zarar yetkazishayotganini, tuproq strukturasini buzilishiga sabab bo‘lishini bilisharmikan?

– 1 gektar maydondagi boshoqli don ekinlari poyasi somon va uning qoldiqlarining yoqib yuborilishi oqibatida atmosferaga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg. kul, 20 kg. is gazi kabi zararli moddalar tarqaladi, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Muhammadayubxon Apaqov. – Bundan tashqari, tuproq strukturasi buzilib, eroziya holati kuchayadi va natijada hosildorlik kamayadi, dala chetlaridagi tut daraxtlariga zarar yetadi.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan g‘alladan bo‘shagan maydonlarga o‘t yoqmaslik, boshoqli don ekinlari poyasi somon va uning qoldiqlarini yoqib yuborishni oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari, profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda. Fermer xo‘jaliklari rahbarlari, fuqarolar, keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilayotgan suhbatlarda asosiy e’tibor g‘alladan bo‘shagan maydonlarga o‘t yoqmaslik, boshoqli don ekinlari poyasi somon va uning qoldiqlarini yoqib yuborishning salbiy oqibatlarini tushuntirishga qaratilmoqda.

G‘alla maydonlari, dala chetlariga «G‘alladan bo‘shagan maydonga o‘t yoqmang!», «Atmosfera havosini asrab-avaylash barchamizning burchimizdir» kabi targ‘ibot chaqiruvlari o‘rnatilmoqda.

Eslatib o‘tmoqchimiz, boshoqli don ekinlari somon poyalari va uning qoldiqlarini yoqib yuborilishiga yo‘l qo‘ygan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismi bo‘yicha eng kam oylik ish haqqining 3 barobaridan 5 barobarigacha, yuridik shaxslarga esa 5 barobaridan 10 barobarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Shunday ekan, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga somon qoldiqlarini yoqmaslik o‘z sog‘ligimizni saqlash va barcha tirik mavjudotlarni asrab-avaylashga hamda tabiatimizni musaffo saqlash uchun asosiy omil bo‘lishini unutmasligimiz kerak!

UzA