"O`zdonmahsulot" AK

G‘alla yig‘im-terimi mavsumida yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya etish shart

Toshkent tumanida yong‘in xavfsizligi bo‘limi tomonidan g‘alla yig‘im-terim mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amaliy seminar o‘tkazildi.

Tuman hokimligi mas’ullari, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari, fermerlar, ularga xizmat ko‘rsatuvchi qishloq xo‘jaligi korxona va tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishda yong‘in xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

G‘alla mavsumida yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya etish zarurligi, aks holda, birgina xato oqibatida ne-ne mashaqqatlar bilan yetishtirilgan rizq-ro‘zimiz kulga aylanishi mumkinligi, uning oldini olish uchun barcha birdek mas’ul ekani ta’kidlandi.

Toshkent tumani g‘allakorlari qariyb 1500 gektar yer maydonida bug‘doy parvarishladi. Galdagi vazifa – yetishtirilgan mo‘l hosilni nes-nobud qilmay yig‘ib olish. Bunga mutasaddilar tomonidan puxta hozirlik ko‘rildi. G‘alla yig‘imida ishtirok etuvchi 8 o‘rim kombayni, 40 yuk tashuvchi avtomobillar yong‘in xavfsizligi bo‘yicha texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan nosozliklar bartaraf etildi. Shuningdek, yong‘inga qarshi vositalar bilan ta’minlandi.

– Bug‘doyzorlar atrofida chekish, ochiq olovdan foydalanish yoki dalada ta’mirlash ishlarini olib borish kabi holatlar ham yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin, – deydi tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i,podpolkovnik F.Soatov. – Aholi, mavsumda ishtirok etuvchi xodimlar o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdik. O‘rim maydonlari yaqinida navbatchilikni tashkil etish, kombayn, traktor va boshqa transportlarga maxsus avtoulovlardan yoqilg‘i quyish, tungi paytlarda yoqilg‘i quyishni cheklash kabi yong‘inning oldini oluvchi holatlarga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Seminar yakunida yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.