"O`zdonmahsulot" AK

Bugun respublikamiz don korxonalarida mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan umumxalq xayriya hashari boshlandi

Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!

Har yili Vatanimiz mustaqilligi sanasi arafasida o‘tkaziluvchi umumxalq hashari ezgu an’analarning amaldagi yorqin namunasidir. Bu yil ham umumxalq xayriya hashari erta tongdanoq uyushqoqlik bilan boshlandi.

Ezgu qadriyatlar tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu borada ko‘pchilik bilan bamaslahat holda o‘tkaziladigan, ma’naviy hayotimizning uzviy qismiga aylangan hashar istiqlol yillarida yangicha ma’no-mazmun kasb etib, umummilliy an’anaga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 avgustdagi farmoyishiga binoan joriy yilning avgust oyi mamlakatimizda obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda 17-18 avgust umumxalq xayriya hashari kunlari, deb e’lon qilindi.

Hashar don korxonalari hududlarini, tegirmon, elevator, omixta yem sexlari, boshqa yordamchi bino va inshoatlarni tartibga keltirish, ishchi xizmatchilarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishda katta bir tadbir, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Joriy yilda Mustaqilligimizning 28 yillik bayramini «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!» shiori ostida munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, jamiyatimizda o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni tobora mustahkam qaror toptirish maqsadida o‘tkazilayotgan umumxalq hashari don korxonalarimizni yanada obod va fayzli bo‘lishida o‘ziga xos xayrli tadbir vazifasini o‘taydi.

Ushbu tadbirga respublikamiz barcha don korxonalari ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborga molik jihati ularning salmoqli qismini don korxonalarimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar tashkil etmoqda.

Hashar – insonlarga mehr-oqibat, odamiylikdan saboq beruvchi bebaho tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbir. U o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini, ayniqsa, yoshlar qalbida mahalla-ko‘yga, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Qolaversa, hashar milliy qadriyatlar maskani sifatida mahallalarda ma’naviy hayotimizni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning namunasi hamdir.