"O`zdonmahsulot" AK

«Do‘stlikdonmahsulotlari» AJ faoliyati

Bu yil mamlakatimiz dehqonlari g‘alla hosilidan yuqori natijalarga erishdilar. Ularning bu yutuqlariga urug‘lik don yetkazib beradigan donni qayta ishlaydigan korxonalarning ham hissasi katta. Shuningdek, yetishtirilgan mo‘l hosil o‘rilganidan so‘ng, uni omborlarga qabul qilish, quritish va saqlashda «O‘zdonmahsulot» AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning hissasi beqiyos. 
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida joylashgan «Do‘stlikdonmahsulotlari» AJ korxonasi ham dehqonlarga sifatli urug‘lik, xalqimizga esa sifatli un mahsulotlari yetkazib berib kelayotgan korxonalardan biri hisoblanadi.
G‘alla o‘rimi mavsumida ushbu korxonada ish qizg‘in bo‘ldi. Bu korxonaga keltirilgan g‘alla peshma-pesh quritilib, omborlarga joylandi.
Shuningdek, pandemiya sharoitida xavfsiz ishlab chiqarishni tashkillashtirish maqsadida korxonada qator choralar ko‘rilmoqda. Tibbiyot xodimlari ichkariga kirib kelayotgan har bir haydovchi va boshqa ishchilarning haroratini tekshirishayapti. Shuningdek, antiseptik vositalar bilan qo‘llarni tozalab kirish tashkil etilgan.
«Do‘stlikdonmahsulotlari» kombinati 1987 yilda qurib ishga tushirilgan. Shundan so‘ng ushbu korxona yillar davomida bosqichma-bosqich rivojlanib kelmoqda.
Bugun «Do‘stlikdonmahsulotlari» AJ tarkibida uchta don qabul qilish shoxobchalari bor.
Shuningdek «Do‘stlikdonmahsulotlari» AJ tarkibida ikkita urug‘chilik sexi bor. Do‘stlik tumanida joylashgan birinchi raqamli urug‘chilik sexi 2001 yilda, ikkinchi raqamli urug‘chilik sexi esa 2017 yilda qurib ishga tushirilgan.
«Do‘stlikdonmahsulotlari» AJ zamon bilan birgalikda odimlash va xalqimiz dasturxoniga sifatli un yetkazib berish maqsadida o‘z tarkibidagi turli korxonalarida aniq dasturlar asosida qayta rekonstruksiya ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
«Do‘stlikdonmahsulotlari» AJ oxirgi yillarda xalqimiz dasturxoniga nafaqat un, balki sifatli non yetkazib berish ishlarini ham boshlab yuborgan. Shu maqsadda  Do‘stlik tumani «Manas» MFY hududida, Mirzacho‘l tumani «G‘alaba» MFY hududida  non pishirish korxonalarini ishga tushirdi.
Korxonada ertangi kunga ishonch bilan vatan ravnaqi yo‘lida bahamjihat, halol mehnat qilish qadriyat darajasiga yetgan. Shu sababli, «Kuch birlikda» shiori ostida kelajak tomon qadam tashlayotgan «Do‘stlikdonmahsulotlari» AJning xayrli ishlari yanada quloch yoyaveradi.