"O`zdonmahsulot" AK

Fermerlar endi buxgalteriya hisobini yuritmaydi

Mamlakatimizda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining katta qismini fermer xoʻjaliklari yetishtirmoqda. Bu esa ulardan buxgalteriya hisob-kitobini sifatli va tezkor olib borishni talab etadi. Biroq, bu borada oqsayotgan xoʻjaliklar koʻpchilikni tashkil etmoqda...
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 2 iyulida qabul qilingan “Fermer xoʻjaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori aynan mana shu kamchilikni bartaraf etishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bosh hisobchisi Gavhar Suvonovning qayd etishicha, joylarda Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilgan boʻlib, ularning soni hozirda 157 taga yetdi.

Mazkur markazlarga qariyb uch ming nafar buxgalter ishga qabul qilingan boʻlib, ular fermer xoʻjaliklari ishchilariga ish haqi va undan majburiy ajratmalar, mavsum yakuni boʻyicha tovar-moddiy zaxiralari, pul mablagʻlari, debitorlik va kreditorlik qarzlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish, soliqlar boʻyicha hisob-kitoblar, soliq organlari bilan qarzdorlik boʻyicha solishtirma dalolatnomalarini tuzish hamda soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻz vaqtida toʻlanishini tashkil etish kabi vazifalarni bajaradi.

Markazlar paxta va boshoqli don yetishtiruvchi fermerlarga tekin xizmat koʻrsatadi. Shuningdek, moliyaviy imkoniyati cheklangan, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish izdan chiqqan ayrim xoʻjaliklarda hisobotni tiklash maqsadida uch oy davomida bepul xizmat koʻrsatiladi. Boshqa mahsulot yetishtiruvchilar ushbu xizmatlar uchun belgilangan tartibda toʻlovni amalga oshiradi.

Ayni vaqtda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining agrotexkartalari asosida ajratilgan kredit resurslarini onlayn tarzda boshqarish, toʻlovlarni amalga oshirish va qoldiqlarni nazorat qilib borish imkoniyatini beruvchi maxsus mobil banking dasturiy taʼminot “Agrobank” bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Bu mobil banking dasturining ishga tushishi natijasida fermer xoʻjaliklari faoliyati toʻgʻrisidagi barcha zarur maʼlumotlarning elektron bazasi yaratiladi.

UzA