"O`zdonmahsulot" AK

Omixta yem ishlab chiqarish hajmi yanada oshiriladi

Joriy yilning 27 aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Respublikada zamonaviy sanoat usulida omixta yem ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi VMQ–312-sonli qarori qabul qilindi
Unga muvofiq, joriy yilda 28 844 gektar maydonda makkajo‘xori ekiladi hamda 2018-2019 yillarda hududlarda 280 ta bo‘rdoqichilik komplekslari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, 2018-2019 yillarda yiliga 354,0 ming tonna granulalangan va ekstrudirlangan zamonaviy omixta yem ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali iste’molchilarning omixta yemga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish rejalashtirilmoqda.
Endilikda, chorva mollari, parranda va baliq ozuqasi uchun ishlab chiqarilayotgan omixta yem mahsulotlari qadoqlangan va unga mahkamlangan yorliqda mahsulotni tayyorlagan tashkilot, ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi, chorvachilikning qaysi turi, yo‘nalishi va chorva mollarining yoshi uchun tayyorlangan, yaroqlilik muddati va saqlash sharoitlari ko‘rsatilishi lozim.
Qaror bilan shuningdek, mutasaddi tashkilotlarga omixta yem mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida “O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub’ektlariga hududlarda faoliyat yuritayotgan kushxonalar, go‘sht va baliqni qayta ishlash, kolbasa, pivo, tomat va meva sharbatlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan ikkilamchi va ozuqabop chiqindilarni shartnoma asosida sotib olishiga amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi.

Axborot xizmati.