"O`zdonmahsulot" AK

Tadbirkor xotin-qizlar faoliyati qonun himoyasida

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida “O‘zLiDep – tadbirkor ayollar manfaatlari himoyachisi” mavzusida amaliy muloqot o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, shahar hokimiyati mas’ullari, partiya faollari, hududdagi tadbirkor xotin-qizlar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda faol va ishbilarmon ayollar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirish, bandligini ta’minlash, mehnat sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Viloyatdagi 55 ming 109 nafar partiya a’zosining 21 mingdan ziyodi xotin-qizlardir, – deydi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Xo‘jayeva. – O‘z navbatida, hududda ushbu partiya a’zosi bo‘lgan 1 ming 750 nafar xotin-qiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Ularning sohaga oid bilim va ko‘nikmasini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Muloqotda sohada mavjud yutuq va kamchiliklar, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama qilindi. Tadbirkor xotin-qizlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan g‘ovlarni bartaraf etish, ularni tadbirkorlikka yanada keng jalb qilish yuzasidan fikr almashildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka oid qonunlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

UzA