"O`zdonmahsulot" AK

Erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi

Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazida “Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirishning xalqaro tajribasi hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha marketing strategiyasi” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, USAIDning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, xalqaro ekspertlar, erkin iqtisodiy va sanoat zonalari rahbarlari, kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etdi.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari L.Qudratov, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi – USAIDning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy savdo masalalarida katta maslahatchisi R.Rojers va boshqalar mamlakatimizda tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar hududlarning ishlab chiqarish, resurs salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi. Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tartibga soladigan mustahkam baza yaratilgani, keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar tizimini shakllantirishda o‘ziga xos yondashuvning mavjudligi e’tirof etildi.

Ayni paytda mamlakatimizning 10 mintaqasida 14 erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. Har bir viloyatda kichik biznes subyektlarining faoliyat yuritishini rag‘batlantirishga xizmat qiladigan kichik sanoat zonalari tashkil etilgan. Bu, o‘z navbatida, yuqori talab va tez o‘zgaruvchan bozor mexanizmi sharoitida iste’molchilarga zarur tovar va xizmatlarni o‘z vaqtida ishlab chiqarish va yetkazib berishda qator afzalliklarga ega.

Tadbirda ekspertlar O‘zbekistonda erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va rivojlantirishning mustahkam asosi, bu borada qo‘lga kiritilgan xalqaro tajriba va yutuqlar haqidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

– Mamlakatingizda erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi iqtisodiyotni liberallashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir, – dedi USAIDning sanoat va maxsus savdo zonalarini rivojlantirish sohasidagi yetakchi eksperti Xose Keron. – Zero, mazkur faoliyat samarasida iqtisodiyotda istiqbolli loyiha takliflarini shakllantirish, sifatli investitsiya loyihalari portfelini yaratish, eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etish mumkin. Shu ma’noda yurtingizda bu borada olib borilayotgan islohotlar va qo‘lga kiritilayotgan amaliy natijalar e’tiborga molik.

Seminarda xalqaro ekspertlar tomonidan erkin iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi, shuningdek, xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha marketing strategiyalari ishlab chiqildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

UzA