"O`zdonmahsulot" AK

«Samarqanddonmahsulotlari» AJ samarali faoliyati

«Samarqanddonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati g‘allani qayta ishlash va urug‘lik don tayyorlash borasida eng zamonaviy bilim va texnologiyalardan samarali foydalanib kelayotgan shu turdagi korxonalardan biri hisoblanadi. 
Korxonada 1966 yilda dastlabki tegirmon ishga tushirilgan. 
Yillar davomida jamiyat zamon talablariga moslashib, eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirib keldi. 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishni ta'minlash chora-tadbirlari dasturiga asosan 2017 yilning 10 avgustida Turkiya Respublikasining «ALAPALA MAKINA GIDA SANAYI VE TICARET A.S» korxonasi bilan kelishilgan shartnomaga asosan 1 million 700 AQSh dollar evaziga tegirmon qismlari olib kelindi. Natijada 2019 yilda kunlik quvvati 200 tonna bug‘doyni ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy tipdagi tegirmon qurib, foydalanishga topshirildi. 
Jamiyatga qarashli mazkur tegirmonning yillik un ishlab chiqarish quvvati 54000 tonnani tashkil qiladi. Bug‘doydan un chiqimi 75 foiz. Hozirgi kunda kunlik un ishlab chiqarish 150 tonna, bug‘doy hisobida 200 tonna bo‘lib, yil davomida faoliyat ko‘rsatyapti. 
Shuningdek, 1979 yilda omixta yem ishlab chiqarish sexi ham qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda bu borada ham qator yangilanishlar bo‘lgan. Ushbu sex 2014 yilda Ukrainaning Mogilyov-Podolskiy mashinasozlik zavodi uskunalari asosida modernizatsiya qilindi. Natijada kunlik 100 tonna omixta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, korxona ishchi-xodimlari xalqimizning sifatli un, urug‘ va omixta yemga bo‘lgan talabini qondirishda bor imkoniyatlaridan foydalanib kelmoqda. 
Bundan tashqari, korxona tasarrufida bo‘lgan Nurobod tumanidagi non sexiga 2010 yilda Germaniyaning «VAXTeL» uskunalari olib kelinib jihozlandi. Non sexi kunlik 2760 kg, bir yilda 990 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. 
Samarqand shahri hududida joylashgan non sexiga ham 2015 yilda «VAXTeL» uskunalari o‘rnatildi. Sex yiliga 990 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. 
Pastdarg‘om tumanida «Juma porloq biolaboratoriya», Payariq tumanida esa «Qoraxoni biolaboratoriya servis» MChJlar ham «Samarqanddonmahsulotlari» AJ bilan kelishilgan shartnomaga ko‘ra qishloq xo‘jalik korxonalarini biomahsulotlar bilan ta'minlab kelmoqda.