"O`zdonmahsulot" AK

YUKSAK E’TIBOR SAMARASI

Mamlakatimizda xalqning turmush darajasini yaxshilash, ular uchun mehnat samaradorligini oshirishda qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami va ularning oila a’zolariga doimiy e’tibor hamda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. «Jizzaxdonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati misolida bu borada olib borilayotgan xayrli ishlarning yaqqol misolini ko‘rish mumkin.
Joriy yilda mazkur jamiyatga qarashli barcha bo‘lim va sexlarda ishchi-xodimlar uchun bir qator qulay shart-sharoitlar yaratilib, yuvinish, ovqatlanish va dam olish xonalari ta’mirlandi, yangi mebel jihozlari bilan ta’minlandi.
Joriy yilda jamiyatning ilg‘or va faol 64 nafar ishchi-xodimlariga pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi, 8 nafar xodim respublikamizning turli hududlaridagi sog‘lomlashtirish maskanlariga imtiyozli yo‘llanmalar, ishchi-xodimlarning farzandlari uchun esa bolalar oromgohlariga yo‘llanmalar ajratildi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Kislovodsk shahrida joylashgan «O‘zbekiston» dam olish-sog‘lomlashtirish oromgohiga korxonada uzoq yillardan buyon ishlayotgan omuxta yem sexi ishchisi Bahriddin Abdullaev, tegirmon sexi ishchisi Bahodir Sattorov, elevator ishchisi Asqarjon Do‘stmurodov, tayyor mahsulotlar ombori ishchisi Dilshod Boymatovlarning salomatligini yaxshilash maqsadida yuborildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 12 sentabrdagi «Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosi doirasida jamiyatda 11 nafar kam ta’minlangan oila a’zolarining farzandlariga xatna to‘yi, va nikoh to‘yi o‘tkazib berildi. Kam ta’minlangan ishchi-xodimlar uchun ikki xonali uy ajratildi.
Tabiiyki, xalq farovonligi uchun xizmat qilayotgan, Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan bu kabi islohotlardan korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar nihoyatda mamnun holda, yuksak e’tiborga javoban, vatan uchun yanayam samaraliroq mehnat qilishni o‘z oldilariga maqsad qilganlar.






Axborot xizmati.