Asosiy menu

Investitsiya – iqtisodiyot drayveri

Parlament quyi palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitalari aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosarining mamlakatimizda investitsiya iqlimini yaxshilash, iqtisodiyotning ustuvor soha va tarmoqlariga investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlarga, chet ellik investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, istiqboldagi vazifalar toʻgʻrisidagi axborotini eshitdi.

Taʼkidlash joizki, keyingi paytlarda yurtimizda xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bu borada muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Buning natijasida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdori 2018 yilda 2,8 milliard dollarga yetib, 2017 yildagi prognoz koʻrsatkichlaridan 7 foiz koʻproqni tashkil etdi. Xorijiy kapital ishtirokida 2 ming 162 yangi korxona ochildi. Hozirgi kunda xorijiy sarmoya ishtirokida faoliyat olib borayotgan korxonalarning umumiy soni 7 mingdan ortgan.

Xorijiy kompaniyalar, jamgʻarmalar va banklar bilan tuzilgan shartnomalar doirasida, shu jumladan, yuqori darajadagi tashriflar natijalariga koʻra, 11,5 milliard dollardan ortiq boʻlgan 90 loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi.

Ushbu yangi loyihalar asosan toʻqimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-gaz, geologiya, kimyo va energetika sohalari, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, logistika, mehmonxona majmualari, biznes markazlarini qurish, shahar infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Shu bilan birga, xorijiy banklarning kredit liniyalaridan 4,5 milliard dollardan ortiq sarmoya jalb qilindi. Bu esa loyihalarni yanada samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi, Saudiya taraqqiyot fondi, Xitoy Eksimbanki, Koreya Eksimbanki, Yaponiyaning moliya tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga 3,1 milliard dollarlik 18 ta kredit ajratildi. Jahon banki tizimida Oʻzbekiston Respublikasi loyiha portfeli hajmi jihatidan Yevropa va Markaziy Osiyodagi birinchi beshta mamlakat qatoriga kirdi. Bu esa yurtimizda shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro moliya institutlari tomonidan yuksak ishonch bildirilayotganidan dalolat beradi.

Eshituv davomida deputatlar tomonidan sohadagi faoliyatni tartibga soluvchi “Investitsiyalar va investitsiyalar faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilgani, unda investitsiya jarayonini sezilarli darajada osonlashtirish, investitsiyaviy xavfsizlikning aniq kafolatlarini aniqlash va Oʻzbekistonning sarmoyadorlar uchun jozibadorligini oshirishga qaratilgan normalar singdirilgani qayd etildi.

Cohada qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi, ulardan lozim darajada foydalanilmayotgani, xorijiy investorlarni sarson qiluvchi omillar mavjudligi, tuman va shahar hokimliklari tomonidan ularni qiziqtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar talab darajasida tashkil etilmayotgani aytildi.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Namangan viloyatlarida ishlab chiqarish korxonalari tomonidan eksport rejasi bajarilmaganining asl sabablari atroflicha tahlil qilindi. Bu oʻrinda yangi tashkil etilgan vazirlikning ayni masala yuzasidan masʼuliyatini oshirish, eksport hajmini va geografiyasini kengaytirish, eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimining samarali ishlashida parlament nazoratini kuchaytirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.

Eshituv yakuni boʻyicha ikkala qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

UzA