Asosiy menu

Urug‘chilik to‘g‘risida

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi urug‘chilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

aprobatsiya – o‘simliklarning genetik (nav) jihatdan sofligini, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligini, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligini va ekish uchun mo‘ljallangan urug‘liklarning umumiy holatini aniqlash uchun dalada o‘tkaziladigan tekshiruv;

duragay urug‘liklar – irsiyati har xil navlar, turlar
va turkumdoshlarni chatishtirishdan olingan urug‘liklar;

original urug‘liklar – nav muallifi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan yetishtirilgan va keyinchalik ko‘paytirish uchun mo‘ljallangan urug‘liklar;

patent egasi (litsenziar) – seleksiya naviga va (yoki) duragay urug‘liklarga bo‘lgan mulk huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

populyatsiya – bir xil tuproq-iqlim sharoitida tarqalgan va bir turga mansub bo‘lgan, erkin chatishadigan (irsiy jihatdan bir-biridan farqlanadigan) o‘simliklar majmui;

reproduksion urug‘liklar – elita urug‘liklardan olinadigan keyingi avlod urug‘liklari;

urug‘liklar – ekish uchun foydalaniladigan urug‘lar, mevalar, o‘simlikning vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriladigan qismlari;

urug‘liklarning genetik (nav) sifati – muayyan nav urug‘ligining genetik jihatdan sofligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar majmui;

urug‘liklarning ekinboplik sifati – urug‘liklarning ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar majmui;

urug‘liklar turkumi – kelib chiqishi va sifati bo‘yicha bir xil bo‘lgan urug‘liklarning muayyan miqdori;

urug‘chilik – urug‘liklarni yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish, shuningdek urug‘liklarning genetik (nav)
va ekinboplik sifatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat;

elita urug‘liklar – original urug‘liklarni izchil ko‘paytirish yo‘li bilan olingan urug‘liklar.

4-modda. Urug‘liklarning toifalari

Qishloq xo‘jaligi ekinlarining navlarini takror ko‘paytirish bosqichlariga qarab, urug‘liklarning quyidagi toifalari belgilanadi:

original;

elita;

reproduksion.

5-modda. Urug‘chilik ob’ektlari

Urug‘chilik ob’ektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

nav;

duragay;

populyatsiya;

urug‘liklar;

urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlari.

6-modda. Urug‘chilik sub’ektlari

Urug‘chilik sub’ektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

navning muallifi;

urug‘lik yetishtiruvchi;

urug‘liklarni realizatsiya qiluvchi;

urug‘liklarning iste’molchisi (urug‘liklardan foydalanuvchi);

urug‘liklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilot.

7-modda. Urug‘chilik sub’ektlarining huquqlari

Urug‘chilik sub’ektlari quyidagi huquqlarga ega:

urug‘chilik sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

seleksiya yutuqlaridan foydalanish;

urug‘liklarning ko‘rgazma-savdolarida (kimoshdi savdolarida) ishtirok etish;

o‘z faoliyatida innovatsion texnologiyalardan foydalanish va ilm-fan yutuqlarini joriy etish;

urug‘lik yetishtirish bo‘yicha resurslarni tejovchi texnologiyalarni qo‘lla sh.

8-modda. Urug‘chilik sub’ektlarining majburiyatlari

Urug‘chilik sub’ektlari:

urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarning davriy aprobatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlashi;

vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan urug‘liklarni yetishtirish sxemalarining texnologik talablariga, ularni saqlash hamda realizatsiya qilish qoidalariga rioya etishi, shuningdek urug‘liklarning sifat
va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlashi;

urug‘liklarni realizatsiya qilishda urug‘lik turkumiga berilgan muvofiqlik sertifikatini, shuningdek duragaylar va navlarning tavsiflarini urug‘liklarning iste’molchilariga (urug‘liklardan foydalanuvchilarga) taqdim etishi;

vakolatli organlar bilan urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan o‘tkazishi shart.

Urug‘lik yetishtiruvchilar, urug‘liklarning genetik (nav)
va ekinboplik sifatlarini aniqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar har bir urug‘lik turkumining genetik (nav) va ekinboplik sifatlari bo‘yicha to‘liq hisobini yuritishi shart.

2-bob. Urug‘chilik sohasini davlat tomonidan tartibga solish

9-modda. Urug‘chilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy

yo‘nalishlari

Urug‘chilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:


investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilmani va servis xizmatlarini rivojlantirish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va faoliyatning zamonaviy shakllarini joriy etish;

urug‘lik yetishtirishda genetik (nav) sifat ko‘rsatkichlarini saqlab qolish;

urug‘liklarni ko‘paytirishning va urug‘liklar iste’molchilarini (urug‘liklardan foydalanuvchilarni) urug‘liklar bilan ta’minlashning samarali tizimini yaratish;

urug‘chilik sub’ektlari faoliyatini rag‘batlantirish va urug‘lik yetishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

urug‘chilik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

urug‘chilik sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

urug‘chilik sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

urug‘chilik sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi
hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

urug‘chilik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining urug‘chilik sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.


11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi

vazirligining urug‘chilik sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reestrini yuritadi;

urug‘chilik sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining navlarini sinashga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;

paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urug‘liklarini olib chiqish uchun xulosa beradi;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘liklarini yetishtirish hajmlariga doir maqsadli prognoz ko‘rsatkichlarni ishlab chiqadi;

urug‘lik ekinlarini joylashtirish uchun urug‘chilik xo‘jaliklarini aniqlashda ishtirok etadi;

urug‘lik ekinlarini aprobatsiyadan o‘tkazishda ishtirok etadi.

12-modda. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat

qo‘mitasining urug‘chilik sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:

o‘rmon xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

manzarali o‘simliklarning urug‘liklarini sertifikatlashtirish
va standartlashtirishning yagona tizimini yaratadi;

o‘rmon xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan o‘tkazish tartibini ishlab chiqadi;

o‘rmon xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining nav va ekinboplik sifatlarini aniqlaydi;

o‘rmon xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini aniqlash uslublarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

o‘rmon xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining genetik (nav) va urug‘ nazoratini, laboratoriya sinovlarini, sifati ekspertiza qilinishini amalga oshirishga doir qoidalarni ishlab chiqadi
hamda tasdiqlaydi;

o‘z vakolatlari doirasida o‘rmon xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining urug‘chilik sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi:

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini, shu jumladan paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urug‘liklarini tayyorlash, ulardan foydalanish hamda ularni eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantiradi;

mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etadi
hamda rivojlantiradi;

urug‘lik yetishtiruvchilarning reestrini shakllantiradi va yuritadi;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘liklarini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlarga va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqadi;

urug‘chilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlar o‘tkazishga, ushbu soha korxonalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashadi;

urug‘chilik bo‘yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, urug‘liklarga ekishdan oldin ishlov berishga hamda ularni qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etadi;

o‘z rasmiy veb-saytida mahalliy va chet eldan keltirilgan urug‘liklar, ularning navlari, gibridlari, toifalari, ularni yetishtirish hajmlari haqidagi, shuningdek urug‘liklarning narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi.

14-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining

urug‘chilik sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

urug‘chilik sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

urug‘chilik sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining urug‘chilik sohasida tadbirlar o‘tkazishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;

sug‘urta urug‘lik fondini tashkil etish uchun urug‘chilik xo‘jaliklarini aniqlaydi;

urug‘lik ekinlarini joylashtirish uchun urug‘chilik xo‘jaliklarini aniqlash bo‘yicha komissiya tuzadi.

15-modda. Urug‘liklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat organi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy bo‘linmalari urug‘liklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat organidir.

16-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat

qilish inspeksiyasining urug‘chilik sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi quyidagilar ustidan nazoratni amalga oshiradi:

paxta chigitining va boshoqli don ekinlari urug‘liklarining sifati;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va ushbu ekinlar urug‘liklarining sifati sohasidagi davlat siyosatining ijrosi, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini joylashtirish, rayonlashtirish hamda navli urug‘liklarini tayyorlash rejalarining bajarilishi;

original, elita va reproduksion urug‘liklarning yetishtirilishi, ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etgan holda tejab sarflanishi;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik ekinlari aprobatsiyasi to‘g‘ri o‘tkazilishi;

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish hamda rivojlantirish;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘liklarini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha normativ talablarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqilishi;

qishloq xo‘jaligi ekinlari bo‘yicha urug‘liklar arxivining tarkibi va urug‘liklar arxivlarining yuritilishi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi sertifikatlashtirilmagan va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan urug‘liklarning tarqatilishini taqiqlaydi.

17-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat

qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining

huquqlari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

urug‘liklarning sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘riligini va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tahlillar o‘tkazish uchun urug‘liklarning namunalarini tanlab olish;

urug‘liklarning muhofaza qilinadigan navlaridan qonunga zid ravishda foydalanilishini taqiqlash;

har qanday urug‘lik yetishtiruvchining, urug‘liklarni realizatsiya qiluvchining va urug‘liklar iste’molchisining (urug‘liklardan foydalanuvchining) hududiga kirish;

urug‘chilik dalalariga hamda urug‘liklarning turkumlariga
doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish;

urug‘liklarni qonun hujjatlarini buzgan holda yetishtirishni, saqlashni, realizatsiya qilishni to‘xtatib qo‘yish yoki taqiqlash;

muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati
yoki karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan urug‘liklar turkumlarining tashilishini taqiqlash;

muvofiqlik sertifikati, fitosanitariya sertifikati yoki karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan urug‘liklarning O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining navlarini yangilash
va joylashtirish tartibini buzganlik uchun xo‘jaliklar rahbarlari hamda boshqa mas’ul shaxslarga nisbatan choralar belgilash.

3-bob. Urug‘chilik sohasidagi faoliyatni tashkil etish

18-modda. Urug‘liklarning genetik (nav) sifatini aniqlash

Urug‘liklarning genetik (nav) sifati urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlarining aprobatsiyasi, tuprog‘ini baholash, urug‘liklarning laboratoriyada o‘tkaziladigan nav sinovlari natijalari bo‘yicha aniqlanadi.

19-modda. Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan

urug‘lik ekinzorlarining aprobatsiyasi

Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlarining aprobatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy organlarining, shuningdek tegishli tayyorlov hamda ta’minot tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning qo‘shma qarori bilan tuziladigan tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.

Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlarining aprobatsiyasi o‘simliklar genetik (nav) jihatdan sofligining, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligining, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligining va urug‘liklar umumiy holatining dalada o‘tkaziladigan tekshiruvi orqali amalga oshiriladi.

Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlarining aprobatsiyasini o‘tkazish natijalariga ko‘ra tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan manfaatdor tashkilotlar
va jismoniy shaxslarga aprobatsiya dalolatnomasi beriladi.

Urug‘lik yetishtiruvchilar shaxsiy foydalanishdagi urug‘lik ekinzorlarining aprobatsiyasini aprobatsiya dalolatnomasi rasmiylashtirilgan holda o‘tkazishga haqli.

20-modda. Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan

urug‘lik ekinzorlarining tuprog‘ini baholash

Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlarining tuprog‘ini baholash urug‘liklarni maxsus uchastkalarda ekish va kelgusida ularning genetik (nav) sifatini tekshirish orqali urug‘liklarning muayyan turga, navga mansubligini hamda nav jihatdan sofligini belgilaydi.

Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlarining tuprog‘ini baholash O‘zbekiston Respublikasi
Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinzorlarining tuprog‘ini baholashni o‘tkazish natijalariga ko‘ra manfaatdor tashkilotlar va jismoniy shaxslarga urug‘liklarning genetik (nav) sifati to‘g‘risida xulosa beriladi.

21-modda. Urug‘liklarning laboratoriyada o‘tkaziladigan

nav sinovi

Urug‘liklarning laboratoriyada o‘tkaziladigan nav sinovi laboratoriya tahlili o‘tkazish orqali ularning muayyan navga mansubligini belgilaydi va genetik (nav) sifatini aniqlaydi.

Urug‘liklarning laboratoriyada o‘tkaziladigan nav sinovi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Urug‘liklarning laboratoriyada o‘tkazilgan nav sinovi natijalariga ko‘ra manfaatdor tashkilotlar va jismoniy shaxslarga urug‘liklarning genetik (nav) sifati to‘g‘risida xulosa beriladi.

22-modda. Urug‘liklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash

Urug‘liklarning ekinboplik sifatlari urug‘liklar turkumlaridan ajratib olingan namunalardan urug‘liklar tahlilini o‘tkazish orqali aniqlanadi.

Urug‘liklar turkumlaridan namunalar ajratib olish, ularning tahlilini o‘tkazish va urug‘liklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Urug‘liklarning ekinboplik sifatlarini aniqlash natijalariga ko‘ra standart urug‘liklarga urug‘liklarning ekinboplik sifatlari ko‘rsatilgan holda muvofiqlik sertifikati va sinov bayonnomasi, nostandart urug‘liklarga esa urug‘liklarning ekinboplik sifatlarini tasdiqlovchi urug‘liklar tahlili natijasi beriladi.

23-modda. Urug‘liklarni sertifikatlashtirish

Ekish uchun foydalaniladigan urug‘liklar sertifikatlashtirilishi lozim.

Ekish uchun foydalaniladigan urug‘liklarni sertifikatlashtirish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

sertifikatlashtirish uchun talabnoma berish va uni ko‘rib chiqish;

namunalarni birxillashtirish, ajratib olish va laboratoriyaga yetkazish;

laboratoriyada namunalar sinovini o‘tkazish;

olingan natijalarni tahlil qilish, muvofiqlik sertifikatini berish yoki uni berishni rad etish;

muvofiqlik sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasi milliy sertifikatlashtirish tizimining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazish.

Urug‘liklarni sertifikatlashtirish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘rmon xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini sertifikatlashtirish O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda uning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

24-modda. Urug‘lik yetishtiruvchilarning reestri

Urug‘lik yetishtiruvchilarning reestri paxta chigitining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshkaning original va elita urug‘liklarini ishlab chiqaruvchilar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan yuritiladi.

Urug‘lik yetishtiruvchilarning reestri urug‘lik yetishtiruvchilar to‘g‘risidagi, yangilab turiladigan yozuvlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlarning yagona axborot bazasidir.

Urug‘lik yetishtiruvchilarning reestrida urug‘lik yetishtiruvchilar to‘g‘risidagi quyidagi asosiy ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

urug‘lik ishlab chiqaruvchining nomi, pochta manzili, telefon raqami;

urug‘lik yetishtiruvchi rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;

paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘lari navlarining va duragaylarining nomi, shuningdek toifasi.

Urug‘lik yetishtiruvchilarning reestridagi axborot O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Urug‘lik yetishtiruvchilarning reestriga kiritganlik uchun haq olinmaydi.

25-modda. Urug‘liklarni yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov

berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish

Urug‘liklarni yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash hamda ulardan foydalanish tartibi tegishli vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.

Intellektual mulk ob’ekti bo‘lgan urug‘liklardan foydalanishga patent egasining (litsenziarning) roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

26-modda. Urug‘liklarni realizatsiya qilish

Urug‘liklarni realizatsiya qilishga ularning genetik (nav)
va ekinboplik sifatlari ko‘rsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Kimyoviy yoki biologik ishlov berilgan urug‘liklar urug‘liklarning iste’molchisiga (urug‘liklardan foydalanuvchiga) yoki savdo tarmog‘iga faqat qadoqlangan tarzda yetkazib beriladi. Har bir qadoqda ishlov berish turi ko‘rsatilgan yorliq va xavfsizlik chora-tadbirlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma bo‘lishi kerak.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarining quyidagi urug‘liklaridan ekish (o‘tqazish) uchun foydalanish va ushbu urug‘liklarni ekish (o‘tqazish) uchun realizatsiya qilish taqiqlanadi:

O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reestriga kiritilmagan paxta chigiti navlari va duragaylarining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshka navlari va duragaylarining urug‘liklari;

o‘simliklar karantini ob’ektlari bilan zararlangan urug‘liklar;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelmaydigan urug‘liklar.

Yangi va istiqbolli navlarning urug‘liklariga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda, shuningdek ularning sifati bo‘yicha muvofiqlik sertifikati yoki tahlil natijasi mavjud bo‘lgan taqdirda, paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘liklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining yoki uning vakolatli organining ruxsati bilan realizatsiya qilinishi mumkin.

Muomalaga kiritilayotgan urug‘liklar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq tamg‘alangan
va qadoqlangan bo‘lishi kerak.

Xorijiy mamlakatlardan olib kirilayotgan va karantin ob’ektlari hamda o‘ta xavfli zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlar keng tarqalgan zonalarda yetishtirilgan urug‘liklarni O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanadi.

27-modda. Realizatsiya qilinadigan urug‘liklarga doir kafolatlar

Urug‘liklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi urug‘chilik sub’ektlari urug‘liklarning genetik (nav)
va ekinboplik sifatlari muvofiq bo‘lishi uchun javobgar bo‘ladi.

Agar urug‘liklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi urug‘chilik sub’ektlari ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan urug‘liklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlariga nomuvofiqligi urug‘liklarni yetishtirish hamda realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchilarga bog‘liq emasligini isbotlasa, urug‘liklarning iste’molchisi (urug‘liklardan foydalanuvchi) zararning o‘rni qoplanishini talab qilishga haqli emas.

Olingan urug‘liklarga doir kafolatlar ularning sifati to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan muddatgacha amal qiladi.

28-modda. Urug‘liklarni olib kirish va olib chiqish

Urug‘liklarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yo‘l qo‘yiladi, agar:

paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘liklari O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan bo‘lsa;

urug‘liklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lsa;

urug‘liklar seleksiya va tadqiqot ishlari, ko‘rgazmaga qo‘yish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa.

Urug‘liklarni (bundan paxta chigiti, boshoqli don ekinlari
va kartoshka urug‘liklari mustasno) olib kirish chog‘ida akkreditatsiya

bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy laboratoriyalar o‘tkazgan sinovlarning natijalari sinov chog‘ida qo‘llanilgan talablar O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan
shunga o‘xshash talablardan past bo‘lmagan hollarda tan olinadi.

Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib kirilayotgan
hamda olib chiqilayotgan urug‘liklar uchun bojxona boji undirilmaydi
va ular kvotalanmaydi hamda litsenziyalanmaydi.

Paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urug‘liklarini olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini olib chiqish uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi lozim
bo‘lgan urug‘liklarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar
va Toshkent shahrining o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat inspeksiyalari tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.

29-modda. Urug‘liklarga qo‘shimcha ishlov berish, ularni

utilizatsiya qilish va yo‘q qilish

Ekinboplik sifatlarini aniqlash natijalariga ko‘ra belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan urug‘liklarga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qoidalariga muvofiq qo‘shimcha ishlov berilishi, ular utilizatsiya qilinishi va (yoki) yo‘q qilinishi lozim.

Urug‘liklar ularning ekinboplik sifatlarini aniqlashni
amalga oshirish va ulardan keyinchalik foydalanish mumkinligi
yoki ularni yo‘q qilish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan davrda xavfsizlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarga rioya etilgan holda alohida xonalarda saqlanishi lozim.

Belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan urug‘liklarni utilizatsiya qilish va (yoki) yo‘q qilish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni urug‘lik yetishtiruvchilar va realizatsiya qiluvchilar tomonidan qoplanadi.

30-modda. Sug‘urta urug‘lik fondi

Tabiiy ofatlar ro‘y bergan hollarda qayta ekish uchun navli urug‘liklar yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek boshqa maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi sug‘urta urug‘lik fondini tashkil etadi.

Sug‘urta urug‘lik fondini tashkil etish va undan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

31-modda. Urug‘chilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar

Urug‘chilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari, shuningdek boshqa ilmiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi, ular:

urug‘chilikning, urug‘shunoslikning va navshunoslikning ilmiy asoslangan tizimlarini;

yangi va istiqbolli navlarni joriy etishga doir tavsiyalarni;

innovatsion texnologiyalarni va yuqori sifatli urug‘liklar yetishtirish samaradorligini oshirish usullarini;

urug‘chilikni axborot jihatidan ta’minlash tizimiga
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqadi.

32-modda. Urug‘chilik sohasida intellektual mulk

Patent egalari, shuningdek litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik
va jismoniy shaxslar patent bilan muhofaza qilinadigan navlar
va duragaylarning urug‘liklarini yetishtirish hamda ulardan foydalanish huquqiga ega.

Istalgan yuridik va jismoniy shaxslar patent yoki guvohnoma bilan muhofaza qilinmaydigan navlar va duragaylarning urug‘liklarini yetishtirishi hamda ulardan foydalanishi mumkin.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

33-modda. Urug‘chilik sohasidagi faoliyatni

moliyalashtirish

Urug‘chilik sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

34-modda. Nizolarni hal etish

Urug‘chilik sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

35-modda. Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

36-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun

hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi 267–I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, № 9,
130-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 25 aprelda qabul qilingan «Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi 421–I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 yil, № 4–5, 126-modda) 19-bandi;

3) O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 772–I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 5, 124-modda) XV bo‘limi;

4) O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 6 aprelda qabul qilingan «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartib-taomillari soddalashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–31-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, № 4, 157-modda) 2-moddasi;

5) O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 21 dekabrda qabul qilingan «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi
O‘RQ–134-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 12, 605-modda);

6) O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 23 iyulda qabul qilingan «Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–486-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018 yil, № 7, 431-modda) 18-moddasi.

37-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati

va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

38-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga

muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

39-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining 
Prezidenti                                                                                      Sh. Mirziyoev