Asosiy menu

Oʻzbekiston Prezidenti Hindistonda: tashrifning asosiy tadbirlari boshlandi

Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning «Rashtrapati Bxavan» saroyida 1-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Hindiston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi. Davlatimiz rahbari faxriy qorovul safi oldidan oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yerda mamlakatimiz va Hindiston ommaviy axborot vositalari uchun qisqacha bayonot berdi.

Davlatimiz rahbari Hindiston Prezidenti va Bosh vaziriga taklif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni tarixiy rishtalar, oʻxshash anʼanalar bogʻlab turishini taʼkidladi.

Hindiston bugungi kunda jadal rivojlanib, jahon iqtisodiyotidagi oʻrnini mustahkamlab borayotgan global davlat. Biz oliy darajadagi uchrashuvlarimiz natijasida faollashib borayotgan Oʻzbekiston va Hindiston munosabatlarining bugungi surʼatini yuqori baholaymiz.

Ishonchim komilki, ushbu tashrifim va samarali muzokaralarimiz strategik sherikligimizni yangi bosqichga olib chiqadi, dedi Prezidentimiz. 

UzA