Asosiy menu

O‘zbekistonda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklarida o‘sish kuzatilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining joriy yil yanvar – iyun oylaridagi holatini e’lon qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning yanvar – iyun oylarida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 35 210,8 mlrd. so‘mni yoki 2017 yilning mos davriga nisbatan 102,7 foizni, shu jumladan, dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar – 35 012,3 mlrd. so‘mni (102,7 foiz), o‘rmon xo‘jaligida – 58,7 mlrd. so‘mni (100,7 foiz), baliq xo‘jaligida – 139,8 mlrd. so‘mni (130,2 foiz) tashkil qildi.

Xususan, yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (106,5 foiz), Andijon (105,8 foiz), Namangan (105,5 foiz) va Jizzax (104,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Sirdaryo (100,2 foiz), Samarqand va Farg‘ona (100,5 foiz) viloyatlarida esa aksincha past sur’atlar kuzatildi.

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi
mahsulot (xizmatlar)lar hajmining hududlar kesimida taqsimlanishi


Respublikaning qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmida Andijon viloyatining ulushi 12,0 foizni tashkil etdi va hududlar boyicha yetakchilik qilmoqda, Toshkent va Surhondaryo viloyatlari mos ravishda 11,5 foiz va 10,8 foiz ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarni egalladi. Eng kam ulush Qoraqalpog‘iston Respublikasi (2,1 foiz), Sirdaryo (3,6 foiz) va Jizzax (4,3 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Hisobot davrida ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining o‘sishi 2017 yilning mos davriga nisbatan 102,7 foizni, shu jumladan, dehqonchilik mahsulotlari – 101,1 foizni, chorvachilik mahsulotlari – 105,4 foizni tashkil qildi.

Xo‘jaliklar toifalari bo‘yicha tahlillar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlar umumiy hajmining 80,4 foizi – dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga, 17,6 foizi – fermer xo‘jaliklariga, 2,0 foizi – qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining ulushi xo‘jaliklar toifalari bo‘yicha taqsimlanishi hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkichlar barcha hududlarda dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga to‘g‘ri kelishi kuzatildi. Dehqonchilik 2018 yilning yanvar – iyun oylarida ishlab chiqarilgan dehqonchilik mahsulotlarining hajmi 21 242,8 mlrd. so‘mni yoki 2017 yilning mos davriga nisbatan 101,1 foizni tashkil etdi. Ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmida dehqonchilik mahsulotlarining ulushi 61,5 foizni tashkil qildi.

Hosilni yig‘ib olish


2018 yilning yanvar – iyun oylarida barcha toifadagi xo‘jaliklarda 4 642,4 ming tonna (85,9 foiz) don yetishtirildi, 1 485,9 ming tonna (105,3 foiz) kartoshka kavlab olindi, 3 140,1 ming tonna (104,7 foiz) sabzavotlar, 215,4 ming tonna (112,6 foiz) oziqbop poliz, 934,6 ming tonna (100,5 foiz) meva va rezavorlar, 41,6 ming tonna (149,2 foiz) uzum yig‘ib olindi.

Dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari dehqonchilik mahsulotlarining aksariyat turlarini asosiy ishlab chiqaruvchilari bo‘lib qolmoqda. Hisobot davrida kartoshka umumiy hajmining 93,7 foizi, sabzavotlarning 87,3 foizi, polizning 70,6 foizi, meva va rezavorlarning 72,0 foizi, uzumning 63,6 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarildi. Don ekinlarining esa asosiy qismi fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirildi, ishlab chiqarilgan ushbu mahsulot hajmining 82,4 foizi fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Chorvachilik



2018 yilning yanvar – iyun oylarida chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 13 289,8 mlrd. so‘mni yoki 2017 yilning mos davriga nisbatan 105,4 foizni tashkil qildi. Ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmida chorvachilik mahsulotlarining ulushi 38,5 foizni tashkil etdi. Yanvar – iyun oylarida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan tirik vaznda 1 133,9 ming tonna go‘sht (2017 yilning yanvar ֫– iyuniga nisbatan 5,3 foizga ko‘p), 4 741,7 ming tonna sut (5,4 foizga), 3 554,9 mln.dona tuxum (9,6 foizga), 19,9 ming tonna jun (0,6 foizga) ishlab chiqarildi.

Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini xo‘jaliklar toifalari bo‘yicha tahlil qilar ekanmiz, tirik vaznda go‘shtning umumiy hajmidan 93,3 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelishini qayd etish lozim, shuningdek, sutning 95,0 foizi, tuxumning 61,1 foizi, junning 86,0 foizi, qorako‘l terining 82,2 foizi ham dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Chorva mollari va parrandalar bosh soni


2018 yilning 1 iyul holatiga yirik shoxli qoramollarning umumiy bosh soni 12 282,4 ming boshga, shu jumladan, sigirlar – 4 408,3 ming boshga, qo‘y va echkilar – 21 050,6 ming boshga, parrandalar – 74 203,7 ming boshga yetdi. 2017 yilning mos davri bilan solishtirilganda barcha toifadagi xo‘jaliklarda yirik shoxli qoramollar bosh soni – 106,9 ming boshga (0,9 foizga), shu jumladan, sigirlar – 70,3 ming boshga (1,6 foizga), qo‘y va echkilar – 662,1 ming boshga (3,2 foizga), parrandalar – 5 296,9 ming boshga (7,7 foizga) ko‘paydi.

2018 yining 1 iyul holatiga yirik shoxli qoramollar bosh soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xo‘jalik toifalari bo‘yicha tahlil qilganda, yirik shoxli qoramollarning 4,9 foizi fermer xo‘jaliklari hissasiga, 93,8 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga, 1,3 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarga to‘g‘ri kelishini qayd etib o‘tish lozim.

Shunga mos ravishda qo‘y va echkilarning umumyiy sonidan 10,9 foizi fermer xo‘jaliklariga, 83,4 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga, 5,7 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, parrandalar umumiy sonidan 12,7 foizi fermer xo‘jaliklariga, 61,1 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga, 26,2 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarga to‘g‘ri keladi.

UzA