Asosiy menu

Narpay tumani g‘allakorlari Samarqand viloyatida birinchi bo‘lib davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini bajardi

Tuman g‘allakorlari joriy yilda 5 ming 980 gektar maydonda “Tanya”, “Grom”, “Krasnodar-99” va “Andijon-2” navlarini parvarishlab, el xirmoniga 18 ming 155 tonnadan ortiq don topshirdi.

– Dehqon uchun hech bir mavsum oson bo‘lmagan, – deydi Narpay tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Doniyorov. – Bu yilgi mavsumda ham tumanimiz fermerlari turli tabiat sinovlaridan o‘tdi. Tajribali dehqonlarning tavsiyasi va omilkorlik bilan ish tutilishi natijasida ko‘zlangan hosil yetishtirildi. 365 fermer xo‘jaligida yuqori hosildorlik kuzatildi. “Mulla Burxon” va “Zarbdor Umid mash'ali” fermer xo‘jaliklari rejani 120 foizga bajardi.

Tumanda o‘rim-yig‘im ishlariga 11 otryad jalb etilib, ular kuniga o‘rtacha 1 ming 300 tonnadan ortiq don o‘rdi.

– Joriy yilda 21 gektar maydonda “Andijon-2” elita navli g‘alla parvarishladik, – deydi “Shukur Jabborov” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Bahodir Jabborov. – Rejadagi 71 tonna o‘rniga 83 tonna g‘alla topshirdik, o‘zimizga 20 tonnadan ortiq don qoldi. Birgina g‘allaning o‘zidan 200 million so‘mdan ortiq daromad olishni rejalashtirganmiz.

Bu yil Samarqand viloyatida 105 ming 730 gektar maydonda g‘alla yetishtirilib, davlatga 337 ming tonnadan ortiq don sotish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Ayni paytda viloyatda hosilni o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib-terib olish uchun 222 otryad shakllantirilgan.


UzA