Asosiy menu

Mirishkorlik mirishkorlar g‘alla rejasini bajardi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani g‘allakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib davlatga g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi.

Mirishkorlik tajribali dehqonlar joriy yilda 22 ming 845 gektar maydonda bug‘doyning ertapishar va serhosil «G‘azg‘on», «Yaksart», «Jayhun», «Tanya», «Turkiston» navlarini yetishtirib, 17 ish kunida rejadagi 48 ming 300 tonna o‘rniga 50 ming tonna don topshirdi.

– Albatta, bunday natija osonlikcha qo‘lga kiritilgani yo‘q, – deydi tuman hokimi R.Komilov. – G‘alla parvarishi borasida davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan e'tibor va ko‘mak muvaffaqiyatimizning bosh omili bo‘ldi. Soha xodimlari uchun barcha sharoit yaratib berildi. Asosiysi, donning xarid narxi oshdi. Bu ham mehnatga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi. Pishib yetilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish ishlariga 100 dan ziyod kombayn jalb etildi. Ular yordamida kuniga 3800-4000 tonnagacha sara don davlat omborlariga yetkazib berildi. Dalalarimizda hali hosil mo‘l. Shu bois tajribali dehqonlar va ilg‘or fermerlar bilan o‘zaro kengashib, davlatga yana 10 ming tonna don topshirishni maqsad qildik. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga esa takroriy ekin ekamiz.

Joriy yilgi noqulay ob-havo va suv tanqisligiga qaramasdan, jonbozlik ko‘rsatgan tumandagi 1 ming 239 fermer xo‘jaligining aksariyati yuksak namuna ko‘rsatib, 55-60 sentnerdan hosil oldi. Ayniqsa, «Sariqov Jo‘ra Elomonovich», «Xoniboyev Azizbek», «Qavs», «Azimjon», «Yangi yo‘l», «Yorqin», «Avazcho‘l Murodi», «Inom yurt faxri», «Adham ziyo», «Ochil dasturxon», «Oltin boshoq sardori», «Abdishukurov Avazmurod», «Baxtli ostona» kabi xo‘jaliklar yuksak natijalarga erishdi.

– Joriy yilda 20 gektar maydonga bug‘doyning «Yaksart» navidan ekkan edik, – deydi «Do‘stlik oltin zamini» fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Boymitov. – Davlatga jami 56 tonna g‘alla topshirib, rejani ortig‘i bilan uddaladik. Bunda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirganimiz muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, gektariga 4 tonnadan mahalliy, 700 kilogrammdan mineral o‘g‘it soldik. Sug‘orishni sharbat usulida amalga oshirdik. Kimyoviy vositalarni ham o‘z vaqtida sepdik. Mana, bugun yuzimiz yorug‘ bo‘ldi, mehnatlarimiz zoye ketmadi. Hali dalamizda hosil bor. Endi daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi. Daromaddan xo‘jaligimiz ishchilarini ham rag‘batlantiramiz, shuningdek, moddiy-texnika bazani mustahkamlaymiz.