Asosiy menu

O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Respublikada ishlab chiqarishni kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish uchun ekin maydonlari sezilarli ravishda kengaytirildi, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar ishga tushirildi, moliyaviy resurslar, jumladan, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari faol ravishda jalb etilmoqda.

Shu bilan birga xorijiy meva-sabzavot mahsulotlari bozorlaridagi yuqori darajadagi raqobat agrotexnikaning hamda ishlab chiqarish va mahsulot yetkazib berish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy uslublarini jadal ravishda joriy etishni talab qilmoqda.

Biroq qator salbiy omillar mamlakatimiz agrosanoat sohasi salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:

birinchidan, meva-sabzavot mahsuloti ishlab chiqaruvchilari va tayyorlovchilari o‘rtasida meva-sabzavot ekinlari bozorida xaridorgir ekinlar va ularning navlarini joylashtirish masalalarida o‘zaro hamkorlikning bozor mexanizmlaridan to‘liq foydalanmaslik;

ikkinchidan, tuzilgan shartnomalarni o‘z vaqtida, sifatli, to‘liq yoki mutlaqo bajarmaslik kabi harakatlarda namoyon bo‘luvchi kichik qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan shartnoma intizomiga rioya qilish darajasining pastligi;

uchinchidan, qishloq xo‘jaligi mehnatini mexanizatsiyalashtirish, zamonaviy intensiv, avvalo, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ularni saqlash va transportirovka qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mustaqil ravishda tashqi bozorga chiqishi uchun moliya resurslarini jamg‘arish uchun qulay imkoniyatlarning yo‘qligi;

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining bozorlarda xaridorgir bo‘lgan yuqori hosildorlikka ega va sifatli navlarning urug‘i, ko‘chati bilan qoniqarli ravishda ta’minlanmaganligi;

beshinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining real ehtiyojlariga javob bermaydigan kadrlar tayyorlash tizimining past darajasi, jumladan, zamonaviy bilimlarga ega o‘rta va oliy bo‘g‘inning yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganligi;

oltinchidan, logistika va transport infratuzilmasi rivojlanmaganligi hosilning bir qismi nobud bo‘lishi, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotni arzon narxlarda sotish va natijada qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining qoniqarsiz moliyaviy ko‘rsatkichlariga sabab bo‘lmoqda;

yettinchidan, turli ekinlar agrotexnologiyalarining dolzarb masalalari va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning yo‘qligi, ilmiy institutlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning past darajasi.

Meva-sabzavotchilikni jadal va samarali rivojlantirishni ta’minlash, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yirik xorijiy bozorlarga chiqarish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Surxondaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari sohasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida klaster usulini yaratishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba yo‘lga qo‘yilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tumanlar hokimliklari joriy qishloq xo‘jaligi yilidan boshlab:

meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishdan to sotishgacha bo‘lgan belgilangan jarayonni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi yagona yoki o‘zaro bog‘liq korxonalar guruhi doirasida;

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga qishloq xo‘jaligi yumushlarini tashkil qilish uchun ekish materiali, avans to‘lovlarini taqdim etuvchi va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotni kelishilgan narxlarda sotib oluvchi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, tayyorlovchi korxonalar, qayta ishlovchilar, eksport qiluvchilar o‘rtasida kafolatlangan shartnomalar asosida "urug‘-ko‘chat-mahsulot yetishtirish-tayyorlash-saqlash-qayta ishlash-transportirovka qilish-bozorga yetkazish" tamoyili bo‘yicha uzluksiz zanjirni shakllantirishni ko‘zda tutuvchi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini (keyingi o‘rinlarda meva-sabzavot klasterlari deb yuritiladi) keng joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Z.T.Mirzayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari tegishli tartibda chigitdan bo‘shagan yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishda:

logistika markazlari (meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi), shuningdek, ichki va tashqi bozorda meva-sabzavot mahsulotlarini sotish tajribasiga ega;

zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va intensiv bog‘lar yaratish va ulardan foydalanish tajribasiga ega;

qo‘shimcha qiymatlar zanjiri bo‘yicha klaster usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun shaxsiy va jalb qilingan moliyaviy mablag‘lariga ega;

meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, jumladan eksport qilishni tashkil qilish, zamonaviy resurs va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish vazifalarini o‘z zimmasiga oladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlariga (o‘zaro bog‘liq korxonalar guruhiga) birinchi navbatda yerdan uzoq muddatli ijara shartlarida foydalanish huquqini taqdim etsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

2018-yilda har bir hududda 1-2 ta meva-sabzavot klasterlari tashkil etsin va 2019-yildan boshlab meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan barcha tumanlarni qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini tashkil etishning klaster shakliga jalb etsin;

meva-sabzavot klasterlariga ichki hamda tashqi bozordagi ehtiyoj va tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, mahsulot yetishtirish hajmi, ularning navi va turini belgilash, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan ular tomonidan tayyorlanayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish huquqi taqdim etilsin;

meva-sabzavot klasterlariga ko‘chatzorlar, jumladan logistika markazlari (muzlatgich, ombor, qayta ishlash quvvatlari, laboratoriya, mashina-texnik stansiyalari uchun infratuzilma binolari)ni tashkil qilish uchun yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi qarorlar tezkor qabul qilinsin;

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga irrigatsiya va kollektor qurilmalarini tozalashda yordam ko‘rsatsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.R. Xolmurodov Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda;

xalqaro moliya tashkilotlari va institutlari kredit liniyalarini, jumladan meva-sabzavot klasterlari ustav kapitaliga keyinchalik ushbu hissalarni muassislar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan sotib olish huquqi bilan jalb etish;

meva-sabzavot klasterlarini, boshqa meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini eksportoldi moliyalashtirish uchun tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish;

ko‘chatzorlarni tashkil qilish, meva-sabzavot klasterlari logistika markazlari, issiqxonalar qurish va intensiv bog‘lar barpo etish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hajmini kengaytirish;

agronomlar va meva-sabzavot klasterlari, zamonaviy intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarining boshqa xodimlarini bir yilgacha bo‘lgan muddatga yetakchi ixtisoslashgan xorijiy kompaniyalarga ta’lim olish va stajirovka o‘tashga yuborish uchun grant mablag‘lari va xalqaro tashkilotlarning texnik ko‘mak mablag‘larini jalb etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

6. Quyidagilar 2021-yil 1-yanvarga qadar:

ko‘chatxonalar va issiqxonalarda urug‘, ko‘chat va payvandtag yetishtiruvchi va ularni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yetkazib beruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlari barcha turdagi soliq va yig‘imlar to‘lashdan (yagona ijtimoy to‘lov bundan mustasno);

chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari ilovaga muvofiq bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bundan mustasno);

import bo‘yicha olib kirilayotgan, meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari (TIF TN kodlari – 870120, 870421, 870422, 871639) bojxona to‘lovlari va Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar to‘lashdan ozod etilsin.

7. 2018-yilning 1-yanvaridan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchi tashkilotlarga daromadga vositachi tashkilotlar uchun ko‘zda tutilgan stavka bo‘yicha soliq solgan holda mukofot summasidan yagona soliq to‘lovini to‘lash huquqi berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yilning 1-aprelidan bitta meva-sabzavot klasteri ichida sotiladigan mahsulotga qo‘shimcha qiymat solig‘i solinmaydi va davlatning maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar undirilmaydi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 2017-yil 5-sentabrgacha issiqxonalar qurish, intensiv bog‘lar yaratish va muzlatgichlar qurish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan ajratilgan valyuta kreditlari bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizgacha miqdorida kompensatsiya to‘lash tartibini tasdiqlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va sug‘urta tashkilotlari bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va tayyorlovchilari o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalarini sug‘urtalash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

10. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va «O‘zagrokimyohimoya» AJ bilan birgalikda, tajriba tariqasida, real natijalardan va hosilning saqlanishidan kelib chiqib yakuniy hisob-kitoblarning amalga oshirilishi va mukofot olishini hisobga olgan holda fitosanitariya ta’minotini, o‘simliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoyalashni ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2018 yilning 1 sentabrigacha bo‘lgan muddatga O‘simliklarni zararkunandalar, kasalliklar, begona o‘tlar, bakteriyalar va viruslardan kompleks himoyalash, fitosanitariya nazoratini kuchaytirish va respublikada maqbul fitosanitariya holatini ta’minlash bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi savdo vazirligi 2018-yil 1-noyabrga qadar barcha qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari erkin foydalana oladigan salohiyatli xorijiy bozorlarning elektron ma’lumotlar bazasini yaratishni ta’minlasin, bunda meva-sabzavot mahsulotlari turlari, navlari, asosiy iste’molchilari bo‘yicha ehtiyojlarning taxminiy hajmi, shuningdek, qo‘yiladigan talablari bo‘yicha axborot olish imkoniyati ko‘zda tutilsin.

Belgilansinki, xorijiy bozorlar bo‘yicha ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari va savdo vakolatxonalarining xodimlarini jalb qilgan holda, shakllantiriladi va yangilanadi.

13. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb etgan holda, qurg‘oqchilik, kasalliklar va zararkunandalarga chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlarining seleksiyasini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin.

14. «O‘zbekenergo» AJ (U.Mustafayev), «O‘ztransgaz» AJ (A.Mustafayev), shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbarlari zimmasiga meva-sabzavot klasterlarining ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini elektr energiya va tabiiy gaz bilan ularning tabiiy ehtiyojlariga muvofiq uzluksiz ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.S.Otajonov, Tashqi savdo vazirligi (J.Xodjayev) va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ (X.Xasilov)ga bir oy muddatda quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritsin:

meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarga eksport kontraktlari bajarilishini ta’minlovchi muddatlarda temir yo‘l vagonlari, shu jumladan, vagon-refrijeratorlar berish tartibini maqbullashtirish va soddalashtirish;

shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilgan holda zamonaviy refrijeratorli konteynerlar ishlab chiqarilishi, xalqaro registrlarda sertifikatsiyalash va ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil qilish, shuningdek, ularni meva-sabzavot klasterlari, tayyorlov tashkilotlari va boshqa manfaatdor foydalanuvchilarga, shu jumladan, lizing orqali sotish tartibini belgilash bo‘yicha.

16. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda agrotexnologiyalar sohasida yuqori malakali, zamonaviy bilimlarni egallagan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga ko‘ra jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar uchun 12 oygacha bo‘lgan muddatga kirish vizalari va ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirishni ta’minlasin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga ko‘ra jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun davlat bojini undirmagan holda ko‘p martalik vizalarni rasmiylashtirish, berish va uzaytirish, shuningdek, yashash joyi bo‘yicha vaqtincha propiska qilish, hisobga qo‘yish va vaqtincha propiskani uzaytirishni ta’minlasin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi meva-sabzavot klasterlari buyurtmalariga ko‘ra belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun ruxsatnomalar berilishi, shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish (uzaytirish)ni ta’minlasin.

20. Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari N.S.Otajonov, Z.T.Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV


Toshkent shahri, 2018-yil 29-mart



UzA