Asosiy menu

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida yurtimizda milliy va diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tibor va ehtirom yanada ortib bormoqda. Jonajon diyorimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, xonadonlarimizdagi fayz va qut-barakani xalqimiz, avvalo, Yaratganning cheksiz marhamati sifatida shukronalik va minnatdorlik bilan qabul qilmoqda.

Ayniqsa, ahillik, o‘zaro birdamlik va ma’naviy poklik fazilatlari ulug‘lanadigan qutlug‘ Ramazon oyini el-yurtimiz doimo katta xursandchilik va ko‘tarinki kayfiyatda kutib olmoqda. Ushbu muborak kunlarda inson qadrini ulug‘lashga, oila hamda mahallaga mehr va e’tiborda bo‘lish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga yordam va saxovat ko‘rsatishga qaratilgan savobli amallar yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Xalqimiz uchun ezgulik va muruvvat, mehr-oqibat ramzi hisoblangan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik tamoyillarini hamda madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2022 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 2 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda ushbu muborak oyning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, shukronalik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, mamlakatdagi tinch va farovon hayotni qadrlash, oilalar hamda mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashга xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M.Kamilov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                                                       Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri, 

2022 yil 31 mart



president.uz