Asosiy menu

Islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholi turmush farovonligini yuksaltirishdir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 5-yanvar kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab, Zangiota tumanidagi «Highway Logistics» logistika markaziga tashrif buyurdi.

Ko‘p tarmoqli xizmat turlarini o‘zida jamlagan, zamonaviy qulayliklar yaratilgan markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya kabi davlatlarning mazkur sohadagi tajribasi o‘rganildi.

Umumiy qiymati 40 million AQSh dollaridan ziyod va hududi 14,2 gektar bo‘lgan markazda 350 ish o‘rni yaratilgan. Uning eksport va import tovarlari uchun logistika xizmatlari ko‘rsatish yillik quvvati 1 million 200 ming tonnaga teng.

Markaz hududida bojxona bo‘limi tashkil etilgan. Bu yerda markazlashgan mahsulotlar ombori, bojxona posti, bank, deklaratsiya to‘ldirish, sertifikatlashtirish va ko‘rikdan o‘tkazish bo‘limlari, logistika xizmatlari ko‘rsatish, tovar jo‘natish va qabul qilish kompaniyalari, bojxona brokerlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bu kabi logistika markazlarini har bir viloyatda tashkil qilish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Shu yerning o‘zida Toshkent viloyatining eksport salohiyatini oshirish, 2018-2019-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, chorvachilik, issiqxona xo‘jaligini tashkil etish, charm-poyabzal sohasini rivojlantirish dasturlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Zangi ota majmuasini ziyorat qildi.

O‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangiyo‘l shahridagi «Fayzli» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Shu yerda Yangiyo‘l shahrining Bosh rejasi loyihasi, shahardagi ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash dasturi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Yangiyo‘l shahrida qariyb 87 ming aholi istiqomat qiladi. Shaharda 241 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, ularga xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini zamon talablari darajasida takomillashtirish, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Joriy yilda Yangiyo‘l shahridagi ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, 7 qavatli 12 ta yangi uy-joy qurish, zamonaviy bog‘, bozor, supermarket, ko‘prik barpo etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezidentimizga taqdim qilingan loyihalardan shaharda oqova suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangilash dasturi, Qibray va Zangiota tumanlarida suv ta’minotini yaxshilash, Chirchiq shahrining issiqlik tizimini takomillashtirish kabi ma’lumotlar o‘rin oldi.

Davlatimiz rahbari «Fayzli» mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori Anvar Toshevning xonadonida bo‘ldi.

Bugungi kunda ushbu mahallada 4 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev mahalla ahli bilan muloqot qildi.

Keyingi manzil Yangiyo‘l tumani tibbiyot birlashmasi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishdi. Bemorlar ahvoli, turmush sharoiti bilan qiziqdi, muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari shifoxonaning kardiologiya bo‘limida davolanayotgan Zulayho Aliyeva bilan suhbatlashdi, uning turmush sharoiti, oilasidagi ahvol bilan qiziqdi. Shu kunning o‘zida Prezidentimiz topshirig‘iga binoan Z.Aliyeva poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga davolanishga yuborildi. Shuningdek, ushbu oilaga uch xonali yangi uy ajratiladigan bo‘ldi.

Yangiyo‘l tumanida 262 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman tibbiyot birlashmasining birinchi binosi 1912-yilda qurilgan. So‘nggi binosi 1979-yilda foydalanishga topshirilgan. Keyingi yillarda binolarda qisman ta’mirlash ishlari bajarilgan. Bugungi kunga kelib shifo maskanining aksariyat binolari ma’nan eskirgan. Tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanish darajasi ham zamon talablariga javob bermaydi. Oddiy holatlarda ham bemorlar poytaxtdagi tibbiyot maskanlariga qatnab, muolaja olishga majbur bo‘lmoqda.

Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad odamlarni rozi qilish, salomatligini yanada mustahkamlashdir, dedi Prezidentimiz. Joylardagi ahvol bilan tanishayotganimiz, tibbiyot muassasalaridagi sharoitlarni o‘rganayotganimiz kelgusi ishlarimizni to‘g‘ri yo‘lga solishda yaxshi samara beradi.

Yangiyo‘l tumani tibbiyot birlashmasi hududi salkam 10 gektar. Davlatimiz rahbari bu yerda yaqin kelajakda 5 gektarda 20 dan ortiq yo‘nalishda xususiy, qolgan qismida davlat tibbiyot muassasalari tashkil etish, ularni eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Prezidentimiz Quyi Chirchiq tumanidagi sobiq «Kanop» zavodi hududida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini ko‘zdan kechirdi, agrar sohani rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonni o‘z ichiga olgan klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunday chora-tadbirlar yaxshi natija bermoqda.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda, jumladan, Piskent, O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida tashkil etiladigan paxta-to‘qimachilik klaster loyihalari bilan tanishdi. Xususan, Quyi Chirchiq tumanida 2018-2020-yillarda paxta yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni o‘zida to‘la jamlagan klaster loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun 59 million dollardan ziyod investitsiya jalb etiladi, 600 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Joriy yilda mamlakatimizda 60 dan ziyod ana shunday loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Quyi Chirchiq tumanida «Gold Agro Standart» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan go‘sht yetishtirishga ixtisoslashgan qiymati 7 milliard so‘mlik chorvachilik fermasi tashkil etilmoqda. 2018-yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur majmua aholiga yiliga 360 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib beradi. Loyiha amalga oshirilgach, 25 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Bekobod tumanida agrologistika markazi tashkil etish loyihasida meva-sabzavotlarni muzlatish, quritish, qadoqlash va saqlash ko‘zda tutilgan. Umumiy maydoni 2,5 gektar bo‘lgan markaz 2019-yilning uchinchi choragida ishga tushiriladi. Buning natijasida 200 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Yiliga 8,6 million dollarlik mahsulot Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilikni yanada rivojlantirish, kanop yetishtirish, sholini qayta ishlash, sport va xizmat otlari uchun karantin hamda veterinariya xizmati ko‘rsatish bo‘yicha hamda ot zavodi majmuasi, issiqxonalar tashkil etish kabi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida aholi, jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuv va muloqotlari chog‘ida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga ota-onalardan bo‘lgan murojaatlarda umumta’lim maktablarida 10-11-sinflarni tashkil etish yuzasidan ko‘plab takliflar bildirildi.

2017/2018-o‘quv yilidan maktablarda 10-sinflar tashkil qilingani munosabati bilan kasb-hunar kollejlarining bo‘sh yotgan binolaridan yanada samarali foydalanish choralari ko‘rilmoqda.

Prezidentimizga Oqqo‘rg‘on tumanidagi sobiq kasb-hunar kollejlari binosidan samarali foydalanish, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, hunarmandchilik to‘garaklari tashkil etish taklifi bildirildi. Oqqo‘rg‘on qurilish va kommunal xo‘jaligi kolleji binosida yoshlarni kasbga tayyorlash va migratsiya markazi tashkil etish, «Jamoatchilik markazi», «Oqqo‘rg‘on savdo markazi» kabi loyihalar o‘rin olgan.

Bo‘sh turgan obyektlarni sotishda ochiqlik va adolat tamoyillariga amal qilish zarur. Buning uchun elektron savdolarni yo‘lga qo‘yish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda tuman markazini zamonaviy shaharsozlik andozalari asosida qayta qurish, eski bozorni yangi joyga ko‘chirish va o‘rnida ko‘rkam bog‘ barpo etish, shahar Bosh rejasi loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz loyihalar bilan tanishar ekan, ularni yanada takomillashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish lozimligini ta’kidladi.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, moliyalashtirish manbasini kengaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy sharoitni yaxshilash chora-tadbirlari haqida so‘z yuritdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. G‘.Ibragimov Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

UzA