Koreya Respublikasida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob chop etildi
Joriy yil 20-noyabr kuni nashr etilgan ushbu kitob 8 bo‘lim, 320 sahifadan iborat bo‘lib, ko‘plab suratlar bilan boyitilgan.
Nashrda Shavkat Mirziyoyevning avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, so‘ng Prezident sifatidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berilgan. Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz va xorijda so‘zlagan nutqlari, jumladan, Prezident lavozimiga kirishish marosimi, Konstitutsiya bayrami, Yangi yil bayrami, BMT Bosh assambleyasi sessiyasidagi nutqidan iqtiboslar keltirilgan.
Kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohalarda boshlangan juda muhim islohotlar tahliliga katta e’tibor qaratilgan. Iqtisodiyotning liberallashuvi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va himoyalash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, valyuta bozorini liberallashtirish, aholining ijtimoiy himoyasi, viloyatlarga nisbatan yangi siyosat, so‘z erkinligi va konstitutsiyaviy huquq tamoyillarini himoya qilish, bularning barchasi Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan yangi islohotlarning dastlabki natijalaridir.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosatdagi mintaqaviy hamkorlikning yangi sur’atiga turtki bo‘lgan, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqan tashabbuslari haqida so‘z yuritilgan. O‘tgan bir yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga tashrifi, O‘zbekistonga tashrif buyurgan bir necha davlat rahbarlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralari haqida atroflicha ma’lumot berilgan.
Koreys millatiga mansub vatandoshlarimizning O‘zbekistonda istiqomat qilayotganiga 80 yil to‘ldi va bu sana mamlakatimizda keng nishonlandi. Kitobda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p yillik savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka ham keng o‘rin ajratilgan.
Kitob «Uz Kor Economy Media Group» tomonidan chop etilgan. Uning muallifi mashhur jurnalist va yozuvchi Cho Chol Xyon.
UzA
Бошка Mamlakat yangiliklari
- Xususiylashtirish dasturi bo‘yicha axborot berildi
- O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi
- Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida
- Yangi Toshkent qurilishi ma’rifat maskanlaridan boshlanadi
- “Yashil makon” loyihasi va obodonchilik bo‘yicha vazifalar belgilandi
- Prezident iftorlikda ishtirok etdi