Asosiy menu

O‘zbekiston Prezidenti MDH Davlat rahbarlari kengashining Sochi shahrida bo‘ladigan navbatdagi majlisida ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 10-11-oktabr kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining Sochi shahrida bo‘ladigan navbatdagi majlisida ishtirok etadi.

Majlisda MDHga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishi, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi masalalar yuzasidan fikr almashishi, 2018-yilda Hamdo‘stlikka raislik qiladigan davlat masalasini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Sammit yakunida MDHga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bayonoti, 2019-yilni Kitob yili, 2020-yilni 1941-1945-yillardagi ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi yili, deb e’lon qilish haqida qaror, shuningdek, Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan boshqa hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Sochi shahrida ikki tomonlama qator uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

UzA