Asosiy menu

Yaqin qardoshlik va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlikning yangi bosqichi

Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo‘ydi.

Prezidentlar poytaxtimizdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralarini ziyorat qildilar. Shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillariga qisqacha intervyu berildi.

Nursulton Abishevich tashriflarini muqaddas qadamjolar ziyoratidan boshlaganida katta ma’no bor, dedi Shavkat Mirziyoyev. Chunki To‘labiy xalqlarimiz birdamligi va hamjihatligi yo‘lida xizmat qilgan. Shayx Xovandi Tohur bobomiz ham butun umr elni tinchlik va osoyishtalikka chorlagan. Bugun xalqlarimiz birdamligi yo‘lida qilinayotgan ishlar ham ana shu qadimiy do‘stligimizni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Xalqlarimiz buyuk ajdodlarini doimo hurmat qilib kelgan, dedi Nursulton Nazarboyev. O‘zbekiston zaminida qozoq xalqining ardoqli farzandi To‘labiy dafn etilgan. To‘labiy o‘z davrining taniqli shaxslaridan biri bo‘lib, qozi sifatida tanilgan. "Jeti Jarg‘i" qonunlar to‘plamini tuzishda mualliflardan biri bo‘lgan. Doimo elni birlikka boshlagan. Shavkat Miromonovichga qozoq xalqining buyuk farzandi To‘labiy maqbarasini obodonlashtirishga qaratayotgan katta e’tibori uchun minnatdorlik bildiraman. Xalqlarimizni buyuk ajdodlarimiz ruhi doimo qo‘llasin.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, Buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan Qozog‘iston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

«O‘zbekiston – Qozog‘iston: hamkorlikning yangi bosqichi» deb nomlangan ushbu ko‘rgazmadan asosiy maqsad ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida barqaror aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yangi qo‘shma savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat. Unda Qozog‘istonning avtomobilsozlik, neft-gaz, harbiy texnika, aviatsiya, farmatsevtika, tekstil, axborot texnologiyalari, qurilish materiallari va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ellikdan ziyod kompaniyalari mahsulotlari, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-ishlab chiqarish markazlarining innovatsion texnologiyalari namoyish etilmoqda.

Prezidentlar ekspozitsiya bilan tanishar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishda bunday ko‘rgazmalar muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Ikki mamlakat iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarining kengayishi ishlab chiqarish jarayoni takomillashishiga va mahsulotlarning yanada ommaviylashishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz Qozog‘iston Prezidentini O‘zbekiston zaminida samimiy qutlab, Nursulton Nazarboyevning mazkur davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini yanada rivojlantirishda tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.

Bu tashrifni bizning uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik manfaatlarimiz, oldimizdagi vazifalarni birgalikda hal qilishga bo‘lgan intilishlarimiz mushtarak ekanining yaqqol tasdig‘i sifatida qabul qilamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu yil O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari rivojida tarixiy yil bo‘ldi. Biz Nursulton Nazarboyev bilan shu yilning o‘zida oltinchi marotaba uchrashmoqdamiz. Bu o‘zaro ishonch yuksak darajada ekanidan dalolatdir.

Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekiston Prezidentiga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.

Biz ildizi bir xalqmiz. Butun tarix davomida bo‘lganidek mustaqillik yillarida ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganmiz, dedi Nursulton Nazarboyev. O‘zbekiston Prezidentining mart oyidagi Qozog‘istonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. O‘tgan qisqa vaqtda ikki tomonlama aloqalarda ilgari kuzatilmagan yuqori natijalarga erishildi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. Qozog‘iston O‘zbekiston bilan hamkorlikni barcha sohalar bo‘yicha kengaytirishga tayyor.

Darhaqiqat, o‘zbek va qozoq xalqlari azaldan bir-biriga yelkadosh bo‘lib, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimizning tarixi, tili, madaniyati, qadriyatlari bir. Bu yaqinlik bugungi kunda davlatlararo hamkorlikka mustahkam asos bo‘lmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik 1998-yil Toshkentda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013-yil poytaxtimizda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ruhida taraqqiy etmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlik barcha sohalarni qamrab olgan. Parlamentlar, vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalar muntazamlik kasb etgan.

Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biriga mos yoki yaqindir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik siyosati natijasida oliy darajadagi muloqotlar faollashdi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 22-23-mart kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi. Tashrif doirasida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga kuchli sur’at bag‘ishladi.

Muloqotda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Qozog‘iston O‘zbekistonning eng muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. 2016-yil yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollardan oshgan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida savdo aylanmasi 35 foiz o‘sgan.

Prezidentlar bu ko‘rsatkich mamlakatlarimizning ulkan salohiyatiga mos emasligi, buning uchun qo‘shma savdo uylarini rivojlantirish, o‘zaro savdo nomenklaturasini kengaytirish zarurligini qayd etdilar. Ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir mahsulotlarni yetkazib berish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga kelishib olindi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaga tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Transport kommunikatsiyalari sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridir. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. Muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlaridan tashqi savdo yuklarini tashishda o‘zaro preferensiyalar va qo‘shimcha imtiyozlar belgilanishi bu sohadagi hamkorlikni tubdan kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklarning noqonuniy muomalada bo‘lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Prezidentlar Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishi va iqtisodiyot tiklanishi tarafdori ekanini ta’kidladilar. Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb qilish, buning uchun infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suvi xalqlarimizning umumiy boyligi ekani, millionlab insonlar taqdiri, butun mintaqa barqarorligi va farovonligi ulardan oqilona va adolatli foydalanishga bog‘liqligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari mazkur daryolarda yangi gidrotexnik inshootlarni mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlarini hisobga oladigan konstruktiv yondashuv asosida qurish to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.

Ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, san’at, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi. Xususan, 2018-yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yilini va 2019-yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olindi.

Shundan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligining turli sohalariga doir 10 dan ziyod hujjat imzolandi. Davlat chegaralarida o‘tkazish punktlari va avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, suvga oid munosabatlar sohasida hamkorlik, energetika sohasida hamkorlik, kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashishda hamkorlik, temir yo‘l sohasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, ikki mamlakat hududlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalariga asos bo‘ladigan qator hujjatlar qabul qilindi. Sirdaryo va Toshkent viloyati hokimliklari bilan Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan Qizilo‘rda viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar hamda boshqa hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev muzokaralar O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlariga xos o‘zaro anglashuv va samimiyat ruhida o‘tgani, tomonlar barcha strategik masalalar bo‘yicha hamfikr ekanini alohida ta’kidladilar. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz hamkorligini yangi sifat bosqichiga olib chiqishi qayd etildi.

Qozog‘iston Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida Nursulton Nazarboyevning «XXI asr bo‘sag‘asida» kitobi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi bilan o‘zbek tilida chop etildi. Davlatimiz rahbari mazkur kitobni Qozog‘iston Prezidentiga tuhfa qildi. Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevning mustaqil Qozog‘iston davlatining asoschisi sifatidagi faoliyatiga yuksak baho berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 15-sentabrdagi farmoniga muvofiq, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Davlatimiz rahbari ushbu yuksak mukofotni tantanali ravishda topshirdi. Nursulton Nazarboyev ushbu mukofot va hurmat-e’tibor uchun Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.

UzA