Asosiy menu

Islohotlar yurt taraqqiyotiga xizmat qilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq shahriga tashrifi shahar aholisiga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi

Vatanimiz tuprog‘ining har zarrasi zarga teng. Zero, bu zamin – cho‘pdan bog‘u bo‘ston yaratib farovonligimizni ta’minlayotgan, mashhur Mendeleyev jadvalidagi elementlarning qariyb barchasini zamonlar osha o‘z qa’rida asragancha bugun bizga tortiq etayotgan muqaddas diyordir. Nafaqat ta’mi dunyoning boshqa hech bir hududida uchramaydigan sarxil meva-sabzavotu poliz mahsulotlari, balki noyob ma’danlari ham o‘zining oliy sifati bilan xalqaro etalon darajasida e’tirof etiladigan shunday zamin yana qayda bor?! Eng muhim haqiqat shuki, bu ne’matlar odamlarning bugunidan rozi bo‘lib hayot kechirishi, ertangi kunga katta ishonch bilan yashashi uchun vosita bo‘lishini ta’minlash yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor mezoniga aylangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaharga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda, xususan, "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi" loyihasi bo‘yicha ishlar boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Olmaliqni har tomonlama rivojlantirish, aholi farovon turmush kechirishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda davlatimiz rahbari bu kabi konlarni o‘zlashtirishda O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida birinchi marta o‘z kuchi va salohiyatiga tayanib ish boshlaganini ta’kidladi. Prezidentimizning tashrif davomida bildirgan fikrlari, shaharni yanada obod qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etish borasidagi takliflari nafaqat mutaxassislarda, balki keng jamoatchilikda ham katta qiziqish uyg‘otdi.

To‘y – ma’naviyatimiz ko‘zgusi

Endi FHDYo bo‘limi mudirasi ilgarigidek faqat nikohni rasmiylashtirish bilangina cheklanib qolmaydi. Bundan buyon FHDYo binosining o‘zida 200 kishilik to‘y o‘tkazadigan joy bo‘ladi. To‘yda qancha san’atkor ishtirok etadi, dasturxonga qanday noz-ne’mat tortiladi, qancha sarf-xarajat qilinadi – hammasi to‘y egasiga oldindan bildiriladi. Profilaktika inspektori to‘yning tartibli o‘tishini nazorat qiladi.

Prezidentimizning to‘ylarimizdagi ortiqcha dabdababozlikka barham berish borasidagi ushbu xayrli tashabbusi xalqimizning ayni ko‘nglidagi gap bo‘lgani uchun ham barchani to‘lqinlantirib yubordi. Bu borada ko‘riladigan chora-tadbirlar aholi farovonligini yuksaltirish bilan birga, odamlarning hayotga, oilaga munosabatini o‘zgartirish, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Hozirgi to‘ylardagi isrofgarchiliklarni kuzata turib, ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Bizni kemirguvchi illatlar» degan odatlarimiz, shu to‘y va ta’ziya ismindagi devonaligimizdan iboratdur...», degan gaplarini tez-tez eslayman. Buni qarangki, oradan bir asrdan ziyodroq vaqt o‘tsa hamki, biz bu illatdan qutula olmayapmiz, – deydi O‘zbekiston Qahramoni Jonsaid Turdiyev. – Lekin hamma illatning ildizi odamlar orasida men sendan kammi, degan qarash paydo bo‘lib, to‘ylarimiz kimo‘zarga aylanib ketganida ekanini o‘ylamaymiz. Prezidentimizning shahrimiz yoshlari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasini butun mahalla ahli bir joyda yig‘ilib televizorda ko‘rdik. Davlatimiz rahbari "Oilaviy marosimlarni tartib-intizom bilan o‘tkazishga endi adliya idoralari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mas’ul bo‘ladi. Mahallalardagi kam ta’minlangan aholining to‘ylarini o‘tkazishga ko‘maklashiladi", deganlarida odamlar quvonchdan qarsak chalib yubordi. To‘ylarning bundan so‘ng jamoatchilik nazoratida bo‘lishi oilaviy marosimlar milliy qadriyatlarimiz asosida tartibli, ixcham va kamxarj o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi.

– Yaqinda mahallamizda bir to‘y bo‘ldi. To‘y oldidan xonadon egalari mahalla faollarini chaqirib, maslahat qildi. Kengashib, to‘yga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirib, iqtisod qilingan mablag‘ga yosh oilaga maishiy texnika olib berishga qaror qilindi, – deydi Olmaliq shahar Hamid Olimjon nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ra’no Erqulova. – Bundan keyin mahalla faollari har bir to‘yga shu tartibni joriy qilishga kelishib oldik.

Olmaliq shahri markazidagi Xotira maydoni hamisha gavjum. Ayniqsa, turmush qurayotgan yosh oilalar bu yerga kelib, bugungi tinch-osoyishta va farovon hayotimiz uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirishi yaxshi an’anaga aylangan. Oila qurayotgan yoshlar bu maskanni sayr qilishi uchun ham barcha sharoit mavjud.

– Bugun to‘yim, do‘stlarim bilan shahar aylangani keldik. Xotira maydonidagi ona haykali poyiga gul qo‘yib, bugungi tinch hayotimiz uchun kurashgan ota-bobolarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirishni burchim, deb bilaman, – deydi piskentlik Qosim Mamajonov. – To‘yimiz Piskent shahrida o‘tkaziladi, 200-250 kishi aytganmiz. Yosh oilalarning taqdiri ko‘p hollarda to‘ylardagi isrofgarchilik orqasidan jar yoqasiga kelib qolayotganini biz yoshlar ham o‘ylashimiz kerak.

Turmush chiroyi

Olmaliq – konchilar shahri. Kuni bo‘yi konda ishlab charchagan ishchilarga ishdan so‘ng farzandlari bilan ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun shart-sharoit yaratilishi ularning ertangi ish unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.

– Prezidentimizning shahrimizga kelishi katta o‘zgarishlarni boshlab berdi. Zero, aholi uchun ko‘p qavatli arzon uylar qurilishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, kichik sanoat zonasi barpo etilishi hayotimizni butkul o‘zgartirib yuboradi, – deydi ishchi Mahmud Qarshiboyev. – Olmaliq shahrining bosh rejasi asosida yangi turar joy kompleksi, ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar, Janubiy Koreya tajribasi asosida Seul bog‘i barpo etilishini eshitib, juda xursand bo‘ldik. Bu ishlarning amalga oshirilishi yaqin yillarda Olmaliq shahri qiyofasini butkul o‘zgartirib yuborishi bilan birga, odamlar turmush sifati va darajasini yanada yuksaltiradi.

Bugungi kunda Olmaliq shahrida “Bolajon” bog‘i va akvapark mavjud bo‘lib, kelgusida aholining ko‘payishi hamda bosh reja asosida shahar hududining kengayishi odamlarning soya-salqin bog‘lar, turli zamonaviy dam olish maskanlariga ehtiyojini oshiradi. Tabiiy iqlim sharoiti hisobga olingan holda, sharqona usul va xalqimizning milliy hayot tarzi, zamonaviy muhandislik kommunikatsiyalari bilan uyg‘un ravishda barpo etiladigan Seul bog‘ida yilning to‘rt faslida ham hordiq chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bularning barchasi shahar aholisining munosib hayot kechirishiga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi turar joy komplekslari, zarur infratuzilma barpo etish, aholi hayot farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotir. Mana shunday qulayliklar, zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berilayotgani xalqimizning davlatimizga, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

“Oydin” bozorining oydin istiqboli

Prezidentimiz tashrifi davomida Olmaliq shahridagi “Oydin” dehqon bozori va buyum bozorining bugungi holati, xizmat ko‘rsatish darajasi talabga javob bermay qolgani, ushbu bozorlarni kapital rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha bino va savdo nuqtalari barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi sotuvchi va xaridorlarda qanday taassurot uyg‘otganini bilish maqsadida ushbu bozorda bo‘ldik.

Hudud toza va ozoda, rastalar bo‘yalgan, tartib raqami bilan belgilanib, sotuvchilar bir xildagi "Olmaliq Oydin dehqon bozori" logotipi tushirilgan fartuklar bilan ta’minlangan. Ulardan birini suhbatga tortdik. Avvaliga bir oz hayajonlangan sotuvchi Prezidentimiz tashrifi haqidagi fikrlari bilan qiziqayotganimizni bilgach, to‘lqinlanib so‘zlay ketdi:

– Televizor orqali tashrif yakunlarini ko‘rdim. Bugun bozorda hammaning og‘zida shu gap. Prezidentimizning shahrimizga kelgani, yangi konning ochilishida ishtirok etgani, eng asosiysi, bizning bozorda ham bo‘lib, xalq bilan muloqot qilgani hazil gap emas axir! 11-avgust Olmaliq shahri tarixida unutilmas kun bo‘lib qoladi. Sababi, bu kun Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi kon – yurtimiz istiqbolida muhim o‘rin tutadigan yana bir yirik korxonaga tamal toshi qo‘yildi.

Yangi loyihada dehqon bozoridagi turg‘un savdo nuqtalarini tartibga keltirish, zamonaviy avtoturargoh, buyum bozori uchun 450 o‘rinli pavilyonlar barpo etish rejalashtirilgan.

Haqiqatan ham, bozorni aylangan kishi davlatimiz rahbari nima sababdan bozorlarni tartibga keltirish va ularni zamonaviy savdo nuqtalariga aylantirish masalasiga alohida e’tibor qaratayotgani boisini yanada teran anglaydi. Shahardagi eng yirik bozor bo‘lmish "Oydin" dehqon bozorining orqa tomoni va buyum bozori mutlaqo ta’mirtalab. Bozor hududidagi bino va inshootlar rejasiz qurib tashlangan.

“Yoshlik”ning umidli yoshlari

Endilikda "Yoshlik" koni deb yuritilayotgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi” loyihasini amalga oshirish ishlari jadal boshlab yuborilgan.

– Hali hayajonimiz bosilmadi. Davlatimiz rahbari kombinat xodimlari bilan uchrashganda biz, yoshlarga ishonchining yana bir namoyishi sifatida mana shu konni "Yoshlik", deb nomlagani nafaqat Olmaliq, balki butun yurtimiz yoshlarini to‘lqinlantirib yubordi, – deydi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Yoshlar ittifoqi rahbari Behzod Salimov. – Axir bu yurtimizda yoshlar nomi bilan yuritiladigan birinchi shunday ishlab chiqarish obyekti-da. Birgina korxonada 10 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlanishi chakana gap emas. Yosh mutaxassislar uchun 2017-2021-yillarda 400 oilaga mo‘ljallangan yangi ko‘p qavatli 9 uy, maktabgacha ta’lim muassasasi va 240 o‘rinli 2 yotoqxona barpo etiladi. Yoshlar hayotida katta ahamiyatga ega bunday loyihalar bizning shahrimizda amalga oshirilishidan quvonmay bo‘ladimi?!

Hayajon bilan gapirayotgan Behzod Prezidentimiz bilan uchrashuvda kombinatning mis boyitish sexi mutaxassisi Roziya Po‘latova ham so‘zga chiqqanini aytib qoldi. Uni qayerdan topishimiz mumkinligini so‘raganimizda, hozir oliy ta’lim dargohida o‘qish uchun hujjat yig‘ish bilan bandligini, istasak, telefon raqamini berishini aytdi. Behzod bergan raqamni terdik. Telefondan "Labbay!" degan mayin ovoz eshitildi.

Roziyaxonga o‘zimizni tanishtirishimiz bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining birinchi talabasi bo‘lganini mamnuniyat bilan aytdi: "Ma’lumotim o‘rta maxsus edi. Soham bo‘yicha oliy ma’lumot olishni orzu qilardim. Niyatim xolis ekan. Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan alohida e’tibori tufayli, mana, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Bundan qanchalar xursand bo‘lsam, shuncha mas’uliyat ham zimmamda ekanini yaxshi bilaman. Viloyatlarda mehnat qilayotgan men kabi minglab tengdoshlarimga ham mana shunday keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan yurt farzandi ekanimdan faxrlanaman. Shu aziz Vatan, shu ulug‘ xalqimiz uchun fidoyilik bilan mehnat qilamiz!"

“Saxovat”ning tarovatlari

Shahar hokimligi binosining shundoqqina ro‘parasida Saxovat mahallasi joylashgan. Olmaliqning boshqa hududlarida bo‘lgani singari bu yerdagi ko‘p qavatli uylarning aksariyati kamida chorak asr avval bunyod etilgan. Shunga qaramay, issiq va sovuq suv, gaz ta’minoti, oqova suv masalalarida muammolar yo‘q. Uylarning oldi baholi qudrat obodonlashtirilgan, bolalar maydonchalari kichkintoylar bilan gavjum.

– Prezidentimizning shahrimizni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati homiyligiga o‘tkazish haqidagi tashabbusi ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi, – deydi “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasini bajaruvchi Ra’no Mirzaboyeva. – Chunki mahallamizda kombinat ishchi-xizmatchilari istiqomat qiladigan uylar kombinat otalig‘ida bo‘lgani sababli ichkarisi ham, tashqi tomonlari ham ta’mirlangan, hamisha saranjom-sarishta, atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan, bolalar maydonchalarida hamma sharoit yaratilgan. Aksariyat xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga qarashli ko‘p qavatli uylarda bunday qulayliklarga hamisha ham guvoh bo‘lavermaysiz.

Mahalla faollari bilan aholining yashash sharoitlarini o‘rganar ekanmiz, jajjigina qizaloqning qo‘lidan tutgancha ko‘p qavatli uylarning biridan chiqib kelayotgan yigitni gapga tutdik:

– Saxovat mahallasi profilaktika inspektori Javlonbek Nurmatovman. Yaqinda mana shu 3 xonali xizmat uyiga ko‘chib o‘tdim. Shu paytga qadar har kuni 20 chaqirim yo‘l bosib, ishga qatnagan xizmatchi sifatida shuni ishonch bilan aytamanki, Prezidentimizning profilaktika inspektorlari yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari biz uchun ham, mahalla-ko‘y uchun ham katta qulaylik bo‘ldi. Chunki endi oilam yonimda, hududning osoyishtaligini ta’minlash uchun kerak bo‘lsa, sutkasiga 24 soat ishlashim mumkin.

Insonning xotirjam yashashi va ishlashi, eng avvalo, u yashab turgan xonadon, uy va mahallaning tinch-totuvligi, qulay yashash muhiti bilan bog‘liq. Shu ma’noda Saxovat mahallasida istiqomat qilayotganlar bunday tashvishlardan forig‘ bo‘lib, ish unumdorligini yanada oshirayotgan bo‘lsa, Birdamlik ko‘chasi fuqarolari qimmatli vaqtini turli maishiy muammolarni hal etish uchun arizabozlikka sarflashga majbur bo‘lmoqda.

– To‘rtinchi qavatda yashayman, – deydi Birdamlik ko‘chasi 18"a"-uy, 16-xonadon bekasi Nigora Ramazonova. – Uyimiz tomidan tinmay chakka o‘tadi. O‘tgan yili shirkatga murojaat qilganimizga qaramay, shu paytga qadar hech qanday ta’mirlash ishlari boshlanmadi. Kanalizatsiya ishlamasligi oqibatida uyimiz yerto‘lasi oqova suv bilan liq to‘la.

Ayrim amaldorlarning xalqning og‘irini yengil qilishdan ko‘ra, idorada o‘tirib olib majlisbozlik va qog‘ozbozlik ishlari bilan ko‘proq band bo‘layotgani oddiy odamlarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda. Prezidentimizning hokim, prokuror, soliq va ichki ishlar idoralari boshliqlari har uch oyda aholi xonadonlariga birma-bir kirib chiqishi haqidagi fikrlari nafaqat Olmaliq ahli, balki barcha yurtdoshlarimizning ayni ko‘nglidagi gap bo‘ldi.

– “Muxlisa Bahor Guli” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati hududidagi 3-chiqindi yig‘ish shoxobchasi ko‘chirilsa yoki hech bo‘lmaganda chiqindilar har kuni olib chiqib ketilsa, yaxshi bo‘lardi, – deydi Amir Temur ko‘chasidagi 18"a"-uyda istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar. – To‘rtta konteyner bir kunda to‘ladi, lekin chiqindi faqat uch-to‘rt kunda bir marta olib ketiladi. Chiqindixona uyimizdan atigi bir necha metr narida joylashgani sababli atrofni badbo‘y hid tutib ketadi, turli zararkunandalar uyga yopirilib kiradi. Ustiga-ustak bolalar maydonchasiga ham yaqin. Mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilsak, otang yaxshi, onang yaxshi qabilida ish tutishmoqda. Prezidentimizning shahrimizga tashrifidan keyin bizni qiynayotgan shu kabi muammolar nihoyat uzil-kesil yechim topishiga ishonamiz.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining viloyat va tumanlarga tashrifi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, joylarda yechimini kutayotgan muammolarni ochiq muloqotlar orqali bartaraf etish, eng muhimi, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishda yuksak samaralar bermoqda. Olmaliq shahriga tashrif davomida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan takliflar, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyiha va tashabbuslar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bilan birga, odamlarda adolatga, davlatga ishonchni mustahkamlab, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda.

UzA