Asosiy menu

Konstitutsiyamizning aziz jihatlari...

Maktabda huquq fani o‘qituvchimiz birinchi darsdanoq O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yodlata boshlagan. O‘sha paytda buni to‘la tushunmay yo erkalik qilib «ustoz, huquq fanini o‘taqolaylik», deganmiz.
O‘qituvchimiz «Konstitutsiyani bilsangiz huquq fanini ham bilgan bo‘lasiz. Mamlakatimizdagi barcha qonunlar, qarorlar Bosh Qomusimizga asoslanadi. Konstitutsiya har bir sohada, butun umr kerak bo‘ladi», degandi.

O‘sha g‘o‘r bolalar bugun ulg‘aygan. O‘qishlarni bitirib, biror kasbning boshini tutgan. Ozmi-ko‘pmi yutuqlarga erishgan. Chunki ular o‘z huquqlarini, ayni paytda burchlarini ham yaxshi biladi.

Aslida insonni inson qiladigan shu ikki tushuncha. Davlatimiz bizga ko‘pdan-ko‘p huquqlar bergan, sharoit yaratgan, o‘z himoyasiga olgan. Biz burchlarimizni bajarish bilan ushbu g‘amxo‘rlikka javob qaytaramiz, mamlakatimiz tinchligi va farovonligiga hissa qo‘shamiz.

Haqiqatan ham, Konstitutsiyamiz prinsiplari har bir sohada, har qadamda namoyon.

Dunyoning siyosiy xaritasini ko‘rib qolsak, beixtiyor O‘zbekistonni izlaymiz. Jahonda o‘z o‘rnimiz, mustaqil mamlakatimiz borligidan faxrlanamiz. «O‘zbekiston – suveren demokratik respublika», «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir», «O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir» degan qoidalar yodimizga tushadi.

Xalqimiz – ko‘pmillatli. Mahalla-ko‘yda, o‘qishda, ishda turli millat vakillari bilan do‘st bo‘lib qolganmiz. Biz ularning bayramlarida qatnashamiz, ular bizga qo‘shilib nahorda oshga boradi. Mehr-oqibatni, urf-odatniyam joyiga qo‘yadi.

Buning zamirida «O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi», «O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi», degan insonparvar tamoyillar yotadi.

Har birimizning hayotdan maqsadimiz, yaxshi niyatlarimiz bor. Konstitutsiyamizda belgilangan iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar ularga erishishimiz uchun sharoit yaratgan. Har kim bilim olish, erkin kasb tanlash, mehnat qilish, mulkdor bo‘lish huquqiga ega.

Kunda-kunora yoshlarimizning xalqaro olimpiadalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritganini ko‘ramiz, eshitamiz. Mamlakatimiz seleksionerlari kashf etgan texnologiya jahon miqyosida shov-shuv bo‘lganini o‘qib faxrlanamiz. Beixtiyor Konstitutsiyamizdagi «Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi», degan qoida yodimizga tushadi.

Barcha o‘zi qiziqqan, bilim va layoqati yetgan ish bilan mashg‘ul. Dehqon mo‘l hosil yetishtirganidan, tadbirkor mahsulot ishlab chiqargani yoki xizmat ko‘rsatganidan manfaatdor. Shu bois bozorlarimiz to‘kin va farovon, ehtiyojimiz uchun zarur hamma narsa bor. Chunki «Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi».

Bunday misollarni istagancha keltirish mumkin. Ustozimiz to‘g‘ri aytgan ekan: mamlakatimizdagi barcha tizimlar Konstitutsiyamizga asoslanadi. Qaysi sohaga qaramaylik uning moddalari yodimizga tushadi.

Konstitutsiyamizning yana bir muqaddas jihati bor – u bizga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovni eslatib turadi. Buyuk Yo‘lboshchimiz demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi edi.

Yillar, asrlar o‘taveradi. Konstitutsiyamiz mamlakatimiz mustaqilligi, tinchligi va farovonligining asosi bo‘lib abadiy qoladi. O‘zbekiston farzandlari yuz yillardan keyin ham Bosh Qomusimizni o‘qiganda uni o‘z qo‘llari bilan yozgan, ming bor o‘ylab bir kesgan bobolari Islom Karimovni yodga oladi.

UzA