Asosiy menu

Davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim asosi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24-yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan jamoat tashkilotlari, o‘quv muassasalari va oliy ta’lim dargohlarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim poydevori” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, sudyalar, Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimlari, akademiyaning professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori M.Aliyev, Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi B.Matmurodov va boshqalar Konstitutsiyamiz davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilish hamda jamiyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Anjumanda Konstitutsiyamiz oliy yuridik kuchga ega qonun sifatida davlatimiz qiyofasini, uning ijtimoiy-iqtisodiy negizini, boshqaruvning demokratik prinsiplarini, jamiyat taraqqiyotining ustuvor sohalarini belgilab berayotgan muhim huquqiy xujjat ekanligi alohida qayd etildi. Mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo totuvlik, hamjihatlik asosiy qonunimizning hayotimizga izchil tatbiq etilayotgani bilan bevosita bog‘liqdir.

– Konstitutsiya har bir mamlakatning suvereniteti, milliy davlatchiligi rivoji, fuqarolarning hayoti, jamiyatdagi o‘rni va turmush tarzini belgilab beradigan asosiy qonundir, – deydi akademiya kafedra mudiri Sherzod Zulfiqorov. – Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini ifoda etib, milliy davlatchiligimiz rivoji, demokratiya va ijtimoiy adolat, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga asoslangan, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishning mustahkam yo‘lini belgilab berdi.

Tadbirda iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning konstitutsiyaviy asoslari, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

UzA