Asosiy menu

Agrar sohadagi vazifalar muhokama qilindi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni agrar sohada yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Uch yil avval mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilinib, katta islohotlar boshlangan edi. Jumladan, meva-sabzavot eksporti 1,7 baravar oshib, 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. G‘allachilikda bozor mexanizmlariga o‘tilgani natijasida fermerlar daromadi 2 baravarga oshdi. Aholiga yerlarni bo‘lib berish hisobiga bu yil qo‘shimcha 1 million tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi.

Iqlim o‘zgarishi va jahondagi murakkab vaziyat sababli oziq-ovqat xavfsizligi asosiy masalaga aylanmoqda. Jahonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi oshishi kutilmoqda. Bunday vaziyatda, avvalo, aholi talabini qondirish hamda eksport imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kerak.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi vaziri shu boradagi rejalar haqida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari sohadagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

– Qishloq xo‘jaligi masalasini alohida e’tiborga olib, tez-tez muhokama qilib borayotganimiz bejiz emas. Chunki bu iqtisodiyotimizning to‘rtdan bir qismini tashkil qiladigan muhim soha. Buning zamirida xalqimiz farovonligi, narx-navo barqarorligi, qancha ish o‘rinlari yotibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalo, yer va suv resurslaridan samarali foydalanib, hosildorlikni oshirish masalasi ko‘rildi. Fermerlarga tuproqning tarkibini aniqlash, urug‘lik tanlash, ekinni sug‘orish va zararkunandalardan himoyalashda ko‘maklashish kerakligi ta’kidlandi.  

Shu maqsadda 200 ming gektar maydonni lazerli tekislash taklifi ma’qullandi. Bunda hosildorlik oshgan maydonlar uchun subsidiya ajratiladi, lazerli tekislash uskunasini sotib olgan fermerlar xarajati qoplab beriladi.

Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda hududlarda suv resurslarini samarali boshqarish loyihalarini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Dehqonchilik uchun yer va suv kabi eng zarur manbalardan biri bu mablag‘. Fermer xo‘jaliklarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, kredit va subsidiya olishni yengillashtirish zarurligi qayd etildi.

Yana bir muhim yo‘nalish meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash. Lekin, hozircha bu boradagi ko‘rsatkich past. Bog‘ va uzumzorlarning 20 foizida, sabzavot maydonlarining atigi 7 foizida intensiv usul joriy qilingan.

Shu bois oziq-ovqat sanoatida 2 ming 163 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi qisqarib, eksport imkoniyati ochiladi. 37 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymatni bemalol 3-4 baravarga oshirish mumkinligini ta’kidladi. Mirzaobod, Denov, Parkent, O‘rta Chirchiq, Urganch va Quva tumanlarida shunga ixtisoslashgan oziq-ovqat sanoat parklarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtaldi.

– Raqamlashtirish bo‘lmasa, sohada haqqoniy statistika bo‘lmaydi. To‘g‘ri ma’lumot bo‘lmagach, agroxizmatlar rivojlanmaydi, fermerlar qachon nimani eksa, ko‘proq daromad olishini bilmaydi. Shuning uchun bu jarayonni tezlashtirish kerak, – dedi davlat rahbari.

Shu yil yakunigacha 3 ta, kelgusi yilda 4 ta loyihani yakunlab, yer hisobi, subsidiya ajratish, ekin maydonlarini monitoring qilishni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Umuman, kelgusi yilda sohada 600 mingta ish o‘rni yaratish hamda eksportni 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi.