Asosiy menu

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash majlisidagi nutqi


Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash Sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan mamnunman.

Uchrashuvimizni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev nomiga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.  

Shuningdek, Kengash faoliyati bo‘yicha bugun bu yerda bildirilgan baholarni ham ma’qullayman. 

O‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatdi.

Forumimizni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligimizni bildiraman.

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda.

Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda.

Ushbu omillarning umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligimizga ta’siridan kelib chiqib, quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga diqqatimizni qaratishimiz zarur.

Birinchidan. Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qilmoqda.

Afsuski, boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.

O‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur.

Afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida,

Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim. Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Ikkinchidan. Biz radikal g‘oyalarning keng xurujiga yanada ko‘proq to‘qnash kelayapmiz.

Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda.

Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak.

O‘g‘il-qizlarimiz o‘z kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda o‘z ishtirokini his etishi, o‘z salohiyat va umidlarini amalda ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lishi lozim.

Majlisimizning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.

Yosh yetakchilar Forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyormiz.

Uchinchidan. Bugungi uchrashuvimiz kun tartibining muhim masalasi iqtisodiyotlarimizni global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashuvi hisoblanadi.

Bu o‘rinda:

- proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

- Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish hisobiga kuchaytirish muhimdir.

To‘rtinchidan. Jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga o‘tishning asosi bo‘lgan bilimlar iqtisodiyotini ilgari surish barqaror taraqqiyotga tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, Internet tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Bu yo‘nalishlarda Osiyo mamlakatlari global yetakchilikka birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga egadir.

Beshinchidan. Qit’amizning ko‘plab davlatlari iste’mol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanadi va oziq-ovqat inqirozining oqibatlarini juda o‘tkir his qilmoqda.

Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda.

Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning o‘zida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi.

Shu munosabat bilan bugungi kunda quyidagi yo‘nalishlarda yangi yondashuvlar:

- oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;

- ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish;

- Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratish ayniqsa zarurdir.

Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilishni taklif etaman.

Oltinchidan. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal ko‘klamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha «YASHIL OSIYO» konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qilaman.

 

Hurmatli do‘stlar!

Ishonchim komilki, zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlariga amal qilish orqali samarali yengib o‘tish mumkin.

Aynan shuning uchun ham biz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab-yashnash uchun intilayotgan barcha sog‘lom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgandir.

 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammit ishtirokchilari!

Biz Qozog‘istonning Kengashga 2024 yilga qadar raislikni davom ettirish niyatini qo‘llab-quvvatlaymiz va qozog‘istonlik do‘stlarimizga omadlar tilaymiz.

Ishonchim komil, sheriklik va ishonchni mustahkamlagan holda, umumiy intilishlarimiz bilan biz ezgu maqsadlarga – mamlakatlarimiz tinchligi, barqarorligi va ravnaqini ta’minlashga erishamiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.