Asosiy menu

Tilga e'tibor elga e'tibor

Dono xalqimiz tomonidan “Til bilgan el biladi” degan naql bejizga aytilmagan. Dunyo tillarini o‘rganish orqali xorijiy adabiyotlarni o‘qib o‘z sohasi bo‘yicha bilim va malakani mustahkamlash chet davlatlaridagi mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashish bugungi kunda har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega. Ayniqsa yoshlar hayoti va faoliyatida ushbu omil muhim o‘rin tutadi.
“O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi “Buxorodonmahsulotlari” AJ yoshlarini kasb mahoratlarini oshirish, xorijiy tillarda sohaviy bilimlarni puxta egallash, chet tillarida ravon so‘zlashish, o‘qish, yozish, o‘z fikrini bayon etishlarida ko‘maklashish maqsadida ingliz va rus tillarini o‘rganish va egallagan bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan o‘quv kurslari tashkil etildi.
Xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur mashg‘ulotlar guruhlarga bo‘lingan holda olib borilmoqda.

- Korxonamiz yoshlarida xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq baland. - deydi, korxona Yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti yetakchilar kengashi raisi Mohinur Bahriddinova, - Nafaqat yoshlar, balki aksariyat tajribali xodimlar orasida ham to‘garaklarimizda qatnashish istagi tug‘ilmoqda. Shuningdek, ishchi xodimlarning talab va takliflariga binoan, kelgusida nemis va fransuz tillarini o‘rgatishga mo‘ljallangan o‘quv kurslarini ham tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Qayd etish joizki, “O‘zdonmahsulot” AK tizimida 2018 yilda Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora tadbirlar dasturiga muvofiq, xorijiy tillar to‘garaklarni tashkil etish vazifasi belgilangan. Vazifa ijrosini ta'minlash, yoshlarning chet tillariga bo‘lgan qiziqishlari oshirish va xorijiy adabiyotlar bilan kutubxona fondlarini boyitish ishlari kompani va tarkibdagi boshqa korxonalarda ham faol olib borilmoqda.

Axborot xizmati.