Asosiy menu

Yoshlar seminarida dolzarb masalalar muhokama etildi

13 aprel kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining vazirlik, idora va tashkilotlari respublika boshqaruvi organlarida tuzilgan Yetakchilar Kengashi raislari uchun Toshkent davlat agrar universitetida sayyor seminar o‘tkazildi. Unda 110 nafar Yetakchilar Kengashi raislari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni mas'ul xodimi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi yetakchilar kengashi vakillari ham faol ishtirok etdilar. Tadbirda vazirlik idora va tashkilotlardagi yetakchilar faoliyati tanqidiy va tahliliy muhokama qilindi.
Ma'lumki, 126 ta vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan o‘z tizimlarida, 2018-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan kelishib ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturlari amaliyotga joriy etilgan.
Sayyor seminar yig‘ilishida vazirlik, idora va tashkilotlar tizimlarida 2018-yil I chorak yakunlariga ko‘ra, yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, imzolangan dasturlardagi jami 3108 bandning 1613 tasi mart oyi davomida jami ijroda bo‘lib, shundan 591 tasi (37%) hisobotlari www.yd.uz saytiga yuklangan, 1022 ta (63 %) band bo‘yicha hisobotlar yuklanmaganligi bildirildi.
Tahlil natijalari asosida o‘z tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda namunali ish yuritayotgan Yetakchilar Kengashi raislari faoliyati e'tirof etilib, sustkashtlikga yo‘l qo‘ygan Yetakchilar qattiq ogohlantirildi.
Seminar yakunida mutasaddi rahbarlar ishtirokida bugungi kunda vazirlik, idora va tashkilotlardagi Yetakchilar Kengashlari raislari faoliyatida duch kelinayotgan muammo va kamchiliklarni hal etish yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Seminarning ikkinchi qismida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlarga tashrif buyurilib, u yerda yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.


Axborot xizmati.