Asosiy menu

Buyuk allomalar ijodiga ehtirom

9 fevral kuni “Jizzaxdonmahsulotlari” AJ da buyuk siymolar, ajdodlar, davlat arboblari merosini asrab avaylash maqsadida ularning tavallud ayyomlarini nishonlashga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. “She'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy va buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xayoti va ijodiga ehtirom” deb nomlangan mazkur tadbirni korxona boshqaruv raisi J.Utashev kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, so‘zning qudratiyu sehrini, jozibasiyu go‘zalligini anglash uchun buyuk ajdodlarimizning bebaho misralarga yo‘g‘rilgan, beqiyos o‘xshatishu mubolag‘alarga boy g‘azallari, ruboiylari, qit'a va fardlarini o‘qishning o‘zi kifoya. Hazrat Navoiy va Bobur ijodiga mansub asarlarni mutolaa qilish ongu shuurimizga ma'naviy ozuqa berish bilan birga vatanga muhabbat, sevgiga sadoqat, xalollik va rostgo‘ylik kabi xislatlarning inson hayotida nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini anglab yetishga yordam beradi.
Tadbirda shuningdek, adabiyotshunos olimlar ham ishtirok etdilar. Ular tomonidan keltirilgan buyuk bobokalonlarimizning bebaxo merosi va bosib o‘tgan yo‘llari haqidagi muhim faktlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Buyuk bobokalonlarimizning ijodi va faoliyati yoshlarning ma'naviy kamolotini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi dunyo kitobxonlarining mehriga musharraf bo‘lgan «Boburnoma» asarida ona Vatanimizga bo‘lgan muhabbat, yurt sog‘inchi, milliy qadriyatlarimizga sadoqat, ajdodlarimiz qiyofasiga chizgilar, o‘sha paytdagi ijtimoiy va siyosiy hayot manzaralari yurtimizni yanayam sevib-ardoqlashga, ko‘z qorachig‘idek asrashga undaydi.

Axborot xizmati