Asosiy menu

Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muallifi

31 yanvar kuni «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida «Konstitutsiya va qonun talablariga og‘ishmay amal qilish - ma'naviy saviyamiz va madaniyatimizning asosiy me'zoni» mavzusidagi tadbir hamda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazildi. Unda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda «Qishloqqurilishinvest» injiniring kompaniyasi xodimlari, kompaniya ijro apparati va tizim korxonalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni kompaniya boshqaruv raisi o‘rinbosari E.Alimov kirish so‘zi bilan ochib berib konstitutsiya - barcha iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma'naviy islohotlarning tamal toshi, jamiyat taraqqiyoti va xalq farovonligining asosi ekanligini, konstitutsiyamizning qabul qilinishi jamiyat va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni milliy qonunchiligimizni tartibga soluvchi aniq huquqiy mexanizm yaratishga xizmat qilganligini aytib o‘tdi.
Yurtimizda inson huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida qaror toptirish borasida har qanday natija va yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsak, ularning barchasi asosiy qonunimizda mustahkamlab ko‘yilgan qoida va tamoyillar bilan uzviy bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek, «Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.» Darhaqiqat ushbu so‘zlar chuqur ma'no mazmunga ega. Qonun ustivor bo‘lgan yurtda tinchlik, taraqqiyot va erkinlik hukm suradi.
Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi. Konstitutsiya yaratilishi va qabul qilingunigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda Birinchi Prezidentimizning doimiy e'tibori, fikr-mulohazalari, alohida o‘rin tutganligi hech birimizga sir emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, Islom Karimovni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi, deb e'tirof etish uchun barcha asoslarga egamiz.
Shu kunlarda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlab ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ta'kidlash joizki, ozod va obod turmushimizning me'mori, Mustaqilligimizning asoschisi, buyuk davlat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zbek xalqi qalbida o‘chmas iz qoldirib, qilgan ezgu amallari, xalqparvarligi fidoyiligi bilan o‘z nomini abadiyatga muhrlab ketdi. Juda og‘ir tahlikali vaziyatda mamlakatni istiqlolga yetakladi, yuksalish va taraqqiyot yo‘lidan dadil qadam bosishga undadi. O‘z xalqiga, vatandoshlariga bo‘lgan cheksiz mehru-muhabbatini baralla aytdi va amalda qilgan islohotlari, ezgu saay-harakatlari bilan namoyish eta oldi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Birinchi Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanishi, uning xalqaro maydonda alohida e'tirof bilan tan olinishida qo‘shgan beqiyos hissasi mavjud ekanligi, xalqparvar va jonkuyar rahbar sifatida Qalblarda o‘chmas iz qoldirganligi haqida so‘z yuritdilar.
Islom Karimov tavalludining 80 yilligini munosib kutib olish, uning yorqin xotirasini yosh avlod qalbiga chuqur singdirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 noyabrdagi PQ-3404-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. 
Ta'kidlash joizki, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi tizim korxonalarida xam Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, kompaniya ijro apparatida Islom Karimov muzeyi tashkil etildi. Unda Birinchi Prezidentimizning jamiyatimizning barcha jabhalarini qamrab olgan,chuqur tahlilga asoslangan noyob asarlari, qo‘llanmalar, kitoblar, albom va portretlari joy olgan.
Ma'ruzalardan so‘ng tadbir ishtirokchilari uchun Islom Karimov ilmiy-ma'rifiy majmuasiga ekskursiya tashkil etildi. Ishtirokchilar ayniqsa yoshlar mazkur ekskursiyadan katta taassurot oldilar.

Axborot xizmati.