Asosiy menu

Savdo yarmarkalari aholiga qulaylik yaratmoqda

Yurtimizda har bir bayramning o‘zgacha gashti va fayz tarovati bor. Mo‘jizalarga boy bo‘lgan yangi yil ayyomi katta-yu kichikka birdek quvonch baxsh etadi. Tobora yaqinlashib kelayotgan 2018-yilni munosib qarshilash, uni yuqori kayfiyatda, to‘kin dasturxon atrofida kutib olish maqsadida Respublikamizdagi birqancha bozorlar hududida joriy yilning 10-dekabridan – 2018-yilning 10-yanvar sanasiga qadar yangi yil savdo yarmarkalari tashkil etilgan. Mazkur yarmarkalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-dekabrdagi «Toshkent shahri va hududlarda o‘tkaziladigan Yangi yil bayrami yarmarkalariga ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqatlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tizimli yetkazib berish hisobiga aholi ehtiyojini kafolatli qondirish va narxlarni barqaror saqlanishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi 98-sonli yig‘ilish bayoniga asosan o‘tkazilmoqda. Unga ko‘ra «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi non, bulochka, qandolot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar poytaxtimizdagi 12 ta dexqon bozorlariga biriktirilgan.
Savdo yarmarkalari tashkil etilgan har bir bozorda mahsulotning sifati va o‘z vaqtida yetkazilishi, xaridorlarning qulayligini ta’minlash hamda boshqa jihatlarni nazorat qilish maqsadida kompaniya va uning tarkibidagi don mahsulotlari korxonalaridan mas’ullar tayinlangan. 
Qayd etish lozimki, non va non mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdosi yo‘lga qo‘yilgan yarmarkalar poytaxtimizning «Aviasozlar», «Askiya», «Navro‘z», «Beshyog‘och», «Oloy», «Farxod», «Mirobod», «Eski-Juva», «Sirg‘ali», «Qo‘yliq», «Yunusobod» va «Qoraqamish» dehqon bozorlarida faoliyat yuritmoqda.

Axborot xizmati.