Asosiy menu

Bayram ishtirokchilari qishloq xo‘jaligi subyektlari bilan tanishmoqda

Poytaxtimizda qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar ishtirokchilari Toshkent qishloq xo‘jalik texnikasi zavodida tashkil etilgan ko‘rgazmaga tashrif buyurdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, pirovardida, qo‘l mehnatini yengillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Germaniya, Rossiya, Turkiya, Belarus kabi o‘nga yaqin mamlakat bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari yaxshi samara bermoqda.
Agrar soha vakillari mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eng zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishdi. Mazkur texnikalarni sotib olish usullari, foydalanish samaradorligi, tejamkorligi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari “O‘zko‘rgazmasavdo” markazida joriy yil 1-10-dekabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan asal bayrami va asal mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 16-oktabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur qaror bilan O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi tuzildi. “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga a’zo bo‘lish rejalashtirilgan, Farg‘ona davlat universitetida zootexnika fakulteti tashkil etiladi. Pirovardida, sifatli asal va asal mahsulotlari yetishtirish hajmi ortib, eksport ko‘lami kengayadi.

Asal bayramiga tashrif buyurgan mehmonlar mutaxassislar bilan sohaning nozik sirlari, hosildorlikni oshirish va tarmoqni kengaytirish istiqbollari borasida fikr almashdi.
Agrar soha vakillari Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “O‘zbegim otlari” ot zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda parvarishlanayotgan qadimiy ot zotlari – Axaltaka tulporlari dunyoga mashhur sanaladi. Bugungi kunda mazkur ot zavodida 400 ga yaqin Axaltaka, ingliz va arab zotli otlar bor.

Mamlakatimizda yilqichilik va ot sporti jadal rivojlanayotgan soha hisoblanadi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 15-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Bolaligimdan ot boqishga qiziqaman. Shu bois, fermerlik faoliyatimda ham yilqichilikka asosiy e’tibor qaratdim, – deydi Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi “Orol ne’matlari” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Ne’matov. – Bugungi kunda xo‘jaligimizda g‘alla va paxta yetishtirishdan tashqari, baliqchilik, asalarichilik bilan shug‘ullanmoqdamiz. Shuningdek, 150 ot, 450 qoramol, 300 qo‘y boqilayotir. Kelajakda zotdor otlarni ko‘paytirish niyatidamiz. Bugun “O‘zbegim otlari” ot zavodida bu borada kerakli ma’lumotlarni oldik, hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik.

Bayram ishtirokchilari Toshkent viloyatidagi ilg‘or qishloq xo‘jaligi subyektlari bilan tanishmoqda.


UzA